NATO Egey dengizi tomon jangovar kemalarini jo'natib, muhojirlar oqimini nazorat qilishga kirishmoqda.
Gap urushlardan bosh olib ketib Turkiya va Gretsiya sohillariga kelishda davom etayotgan minglab qochqinlar muammosiga yechim topish haqida ketayapti.
NATO missiyasini Amerika Mudofaa vazirligi qo'llab-quvvatlayapti.
Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, maqsad Turkiya va Gretsiyaga muhojirlar to'lqinini eplashda yordam berish. Qochoqlarning aksariyati Iroq va Suriyadan.
Biroq NATO qochoqlar kemalariga dush kelsa, ularning taqdiri nima kechishi hanuz muhokamada. Muhojirlarni qaytarib yuborish uchun qilinmayapti bu ish, deya eslatadi Stoltenberg.
Bu orada, Turkiya bosh vaziri BMT Xavfsizlik Kengashi va xalqaro hamjamiyatni Rossiyani Suriya shimolini bombardimon qilishdan to'xtata olmayotgani uchun tanqid qilmoqda. Holbuki, Turkiyadan chegaralarni ochib, suriyalik o'n minglab qochoqlarni qabul qilishni talab qilishmoqda, deya norozi Ahmad Dovuto'g'li.
Uning aytishicha, Rossiyadan fuqarolar manzillariga o't yog'dirishni bas qilishni talab qilishga hech kimning jur'ati yetmayapti. Shunday ekan, Turkiyadan Suriyadagi urushning og'irini ko'tarishni talab qilish munofiqlikdir.
"Qochoqlarni bag'rimizga olishimiz kerak, albatta", - deydi Dovuto'g'li.
"Lekin Suriyada bugun haqiqiy qatlion sodir etilayotgani, Prezident Assadga qarshi bo'lgan barcha insonlar mamlakatdan badarg'a qilinayotganini tushunimiz kerak. Muntazam amalga oshirilayotgan qatliom bu", - deydi Turkiya bosh vaziri.
Halab shahri tevaragida Suriya hukumati Rossiya havo kuchlari yordamida amalga oshirayotgan havo hujumlari o'n minglab fuqarolarni Turkiya tomon qochishga majbur qilgan. Anqara urushning qurbonlariga eshiklarini yopayotgani yo'q, deya eslatadi Dovuto'g'li. Biroq Turkiya uchun ustuvor vazifa, avvalo Suriyaning o'zida qolayotgan qochoqlar lagerlariga yordam yetkazishdir.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an esa suriyalik ikki yarim million qochqinni mamlakatdan haydashi, Yevropa Ittifoqi tomon avtobuslarga joylab yuborishini aytib po'pisa qilayapti.
Erdog'an BMT Turkiyaga yordam berishmasa, boshqa iloji qolmasligini aytmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5