Rossiya Sharqiy Yevropa bo'ylab harbiy mashqlarga zo'r berar ekan, Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimlarini o'rnatish masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Ammo uning ko'lami va u keltirib chiqaradigan ehtimoliy ziddiyatlar haqida yakdil fikr yo'q.
Ayrimlar NATO a'zolari xavfsizligi uchun mudofaa tizimini kengaytirish tarafdori bo'lsa, boshqalar Polshadagi tizim ishga tushguncha kutib turishni taklif qilmoqda. Chunki bu Rossiyani yanada agressivlashtirishi mumkin.
Heriteyj jamg'armasi tahlilchisi Mixaila Daj fikricha, har qanday holatda ham Rossiyadan yon bosishni kutmaslik kerak.
"Yevropada mudofaa tizimlari qurishni, mamlakat va regionlarning mudofaa qobiliyatlarini kuchaytirishni hamda Yevropa va uning tashqarisidagi hamkorlar bilan harbiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlashni davom ettirish kerak", - deydi u.
Rossiyaning o'tgan oy yangi raketalarni chegaraga joylagani 30 yillik kelishuv shartlariga zid; shu bois mudofaa tizimini qurishimiz kerak, deydi tahlilchi Tomas Karako.
"Hozir Polsha va boshqa joylardagi mudofaa rejalarini to'xtatishning mavridi emas. Reja bo'yicha Polshadagi Redzikovo bazasini ishga tushirishimiz kerak. Qo'shimcha xavflarni ham hisobga olish kerak", - deydi u.
Tehron yadro dasturi bo'yicha kelishuvga erishilgandan beri Eron asosiy xavf degan da'vo eskirdi; demak, mudofaa tizimi zamiridagi asoslar ham, deydi yana bir tadqiqotchi Jozef Sirinsione.
"Dasturni to'xtatib turish kerak. Agar davom ettirsak, NATO bo'linib qoladi. Chunki Rossiya dastur faqat o'ziga qarshi qaratilganini da'vo qiladi. Rossiyaga NATOni bo'lib qo'yishiga yordam bermang. Dasturni to'xtatib turing", - deydi u.
AQSh Senatining Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi Jon Makkeynga ko'ra, Rossiya yadro bombasi o'rnatilgan raketalarni joylashtirish orqali Tramp ma'muriyatini sinayapti. Shunga yarasha javob qaytarish kerak, deydi u.
Prezident Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashganda raketalar mavzusini ko'tarishini aytgan. Ayni paytda AQSh dunyodagi eng zo'r yadro qurollariga ega bo'lishi kerak, deydi u.
Hozirda Rossiya 7000, AQSh esa 6800 yadro bombasiga ega ekani taxmin qilinadi.
2011-yilgi kelishuvga ko'ra, kelasi yilgacha AQSh va Rossiya yadro qurollari sonini bir xil miqdorda qisqartirib, 10 yil davomida shu darajani saqlab turishi kerak. Tramp bu bitimni "bir yoqlama" deb atagan.