Uelsda NATO sammiti, Rossiya tahdidi muhokamada

  • Amerika Ovozi

NATO sammiti, Nyuport shahri, Uels, 4-sentabr, 2014-yil

Bugun Uelsda ikki kunlik NATO sammiti ish boshladi. Alyans Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukraina sharqida tinchlikka erishishga qaratilgan rejasi bo’yicha shubha bildirdi.

Unga ko’ra, mojaroni hal etishga qaratilgan barcha harakatlar olqishlanadi, ammo amalda Rossiya hali ham Ukrainada harbiy amaliyotlarini bas qilmagan. NATO nazarida Rossiya Ukraina sharqiga mingga yaqin qo’shin yuborib, ular isyonchilar safida Ukraina armiyasiga qarshi jang qilmoqda. Kreml bu iddaolarni inkor etib keladi.

Putinning taklifi yetti punktdan iborat. Unda Ukraina hukumatidan armiyasini sharqiy hududlardan olib chiqish va xalqaro kuzatuvchilarni mintaqaga kiritish haqida so’z boradi.

Putinga ko’ra, Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko rejaga ko’ngan. Ukraina rahbari idorasi chiqargan bayonotda aytilishicha, ikki rahbar kecha telefon orqali suhbatlashib, mojaroga yakun yasalishi kerakligini tan olgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Prezident Vladimir Putinning taklifi Kiyevdagi hukumat va sharqdagi isyonchilar tomonidan qabul qilinishiga umid qilmoqda. Lavrov bugun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasi prezidenti Ilkka Kanerva bilan uchrashib, rejani muhokama qilgan.

Ertaga Minskda Ukraina va Rossiya rasmiylari, sharqdagi isyonchilar va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari ishtirokida muzokaralarning navbatdagi davrasi bo’lib o’tadi.

Rossiya NATOning o’z chegaralari tomon kengayishini o’zi uchun tahdid deb bilib kelgan hamda alyansning tezkor jangovar qismlar tuzish rejasini tanqid qildi. Agar NATO bu fikridan qaytmasa, Moskva Sharqiy Yevropada harbiy strategiyasini qayta ko’rib chiqishini bildirdi.

Sammit ishida Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko ham ishtirok etmoqda. U G’arb rahbarlari bilan muloqot qilishi rejalangan.

NATO Ukrainaga qo'shin kiritish haqida gap ketayotgani yo'qligini ma'lum qiladi. Alyans nizomiga ko'ra, a'zo davlatlar boshqa a'zolarni himoya qilish majburiyatini o'z bo'yniga olgan, ammo Ukraina a'zo emas, shunchaki hamkor davlat.

Sammitda Iroq, Afg’oniston va Suriyadagi vaziyat ham muhokama etiladi.