Nyu-York va Chikagoda o'zbeklar Navro'zi olamni nishonlamoqda

Nyu-Yorkda Navro'z tadbirlari o'tkazilmoqda

Shimoliy Amerikada bahor rasman 21-martdan boshlanadi. Navro’z ayyomiga to’g’ri keladi. Sharq dunyosi vakillari bu tomonlarda katta sonni tashkil etarkan, Navro’z Amerika uchun begona bayram emas.

Eronliklardan tortib, afg’onu hindlargacha, o’zbeku tojik, qozog’u qirg’iz, turkman va boshqa elatlar, hamma bugun o’ziga yarasha bahoriy kayfiyatda va ko’klam ne’matlaridan totib, bir dasturxon atrofiga yig'ilgan.

Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlari Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistondan eng ko’p vatandoshlar yashaydigan hududlar.

U yerdagi jamoa yetakchilaridan, faol muhojirlardan biri Norxo’ja Eshon "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, o'zbeklar ahillikda qator tadbirlar o'tkazib, bir-birining holidan xabar olishga harakat qiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi o'zbeklar- Navro'z/Navbahor Imamova - Jonli efirdan, 23-mart, 2013


Buyuk ko’llar bo’yida joylashgan Illinois shtatidagi azim shahar Chikago va uning atrofida yashovchi o’zbeklarni birlashtirib kelayotgan Amerika-o’zbek jamiyati rahbari Olimjon Sharipovning aytishicha, bugun u yerda ham yurtdoshlar saylda.

Bahor kishiga ilhom beradi, uning ruhiyati va ma'naviyatini erkalaydi.

Olimjon Sharipov vatandoshlarni quyidagi satrlar ila tabriklaydi:


Navro'z

Bugun Navro'z chog'ida,

Do'stlarim qurshovida,

Chikago tuprog'ida,

Men vatanni esladim.


Gullagandir bodomlar

Quvnashgandir odamlar,

G'animat ushbu damlar,

Men og'amni esladim.


Ko'rib vatandoshlarni,

Mehri issiq yoshlarni,

O'zbek ko'zu qoshlarni

Men bolamni esladim.


Doshqozonda sumalak,

Kimdir o't yoqib halak,

Navro'z kelibdi demak,

Men onamni esladim,

Men vatanni esladim.


Mart, 2009-yil
Chikago


Your browser doesn’t support HTML5

Amerikada Navro'z... Navruz in America