Qirg'izistonda Navro'z tantanalari, fotolavha

Bahorning birinchi haftalari ancha sovuq kelganidanmi, bu yil Qirg’iziston ahli Navro’zni orziqib kutdi.

Bayram tantanalari ham shunga yarasha, ommaviy ravishda – har bir shahar-qishloqda ko'tarinki ruh bilan o’tkazildi.

O’shda yoshu-qari markaziy maydonga, shahar atrofidagilar esa saylgohlarga tashrif buyurdi. Bezatilgan o’tovlar, kigiz matolar, turli tuman milliy bezaklar bayram dasturiga o’zgacha chiroy bag’ishladi.

Shahar ippodromida tumanlardan kelgan otliqlar qiz quvish, ko'pkari kabi xalq o’yinlarida ishtirok etdi. Keyingi yillarda o’lkada qadimiy o’yinlarni rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Aynan Navro’z kunlari Qirg’izistonda istirohat bog’lari va saylgohlar mavsumi boshlanadi. Joriy bayram arafasida O’sh saylgohlarida yangi attraksionlar o’rnatilgan. Bolalarning sevinchi ichiga sig'maydi.

Bu yil ob-havo sovuq keldi. Sumalak mavsumi ham kechikib, aynan Navro’z bayramiga to’g’ri keldi. Shu kunlarda nafaqat xonadonlarda, balki o’quv yurtlari, turli tashkilot va korxonalarda qarindosh-urug'lar, do'stu-birodarlar jam bo'lib, muborak taomni qaynatish bilan ovora.

Tabiat uyg’onib, dehqonlar dalaga chiqdi. Qir-adirlar maysalarga burkangan. Hovlilarda esa bahor gullari ko’zlarni quvontiradi.

Yangi ko’katlardan tayyorlangan bahor taomlarini alohida esga olish kerak. Ular shu kunlarda shahar-qishloq oshxonalari taomnomasidan alohida o’rin egallagan. Shifokorlar ushbu taomlarni erta bahorda to’yib-to’yib yeyishni maslahat beradi.