Neon chiroqlar katta shaharlarning ko’rki. Sayyohlik markazi, qimor poytaxti Las-Vegasni reklama va anitmatsion tasvirlar bezab turadi. Bu yerda 2012-yilda Neon muzeyi ochilgan.
Las-Vegasni yorqin ranglardan iborat neon chiroqlarsiz tasavvur qilish qiyin. Bunday chiroqlar sayyohlarni jalb qilishda qulay, ham arzon. Jimjimador rangli chiroqlardan yasalgan reklamalar azaldan qimor sanoati bilan birga qadam tashlab keladi. Biroq vaqti kelib ular o’z jozibasini yo’qotsa-da, tashlab yuborgandan ko’ra muzeyga topshirayotganlar bor. 2012-yilda ochilgan Las-Vegas Neon muzeyi ularni bir joyga to’playdi.
“Belgilarni “Yesko” (YESCO) kompaniyasidan olganmiz. Ularda eski chiroqlar qabristoni bo’lgan, film va kliplarda ko’p ishlatilgan. Kolleksiyamizning 30 foizini ulardan olib, mezeyga asos solganmiz”, - deydi muzey xodimi Sintiya Ber-Varso.
Har bir belgi va chiroqning o’z tarixi bor. Eng eskisi 1920-yillarda ishlatilgan. 2016-yilda buzib tashlangan Riviyera mehmonxonasidan yaqinda yangi eksponatlar olindi.
“Mehmonxona o’zidan qoladigan merosga befarq emas ekan. Biz bilan bog’lanishganidan xursandmiz. Riviyera emblemasi muzeyimizga nasib etgani biz uchun faxr. Tokka ulasak, ishlab ketdi”, - deydi Sintiya Ber-Varso.
Muzeydagi eksponatlar sayyohlarga ijtimoiy tarmoqlarda ko’rinib qo’yish uchun yana bir bahona.
“Eskiligi menga qiziq. O’sha paytlarda ham neon chiroqlar ko’chalarni yoritib turgan ekan! Zang bosgan belgilarga ko’zim tushdi. Ham zamonaviy, ham eskicha. Ajoyib”, - deydi avstraliyalik sayyoh.
Bu yerda boshqa muzeylardagi kabi haykal va portretlarni ko’rmaysiz. Ammo neon chiroqlar Las-Vegas ajralmas qismi.