Nepalda vayronalardan to'rt odam tirik chiqdi

  • Amerika Ovozi

Nepaldagi zilziladan o'lganlar soni 7200 dan oshgan. Poytaxt Katmandu va boshqa hududlardagi binolar vayron bo'lganiga bir haftadan oshiq vaqt bo'ldi, ammo bugun yana to'rt odam tirik topilgan. Ulardan biri 101 yashar qariya.

Qo'shma Shtatlar qidiruv va qutqaruv ishlarida faol yordam bermoqda. Kecha Nepalda Amerikadan to'rt samolyot qo'ngan. Ular og'ir uskuna, parvozlarni boshqarish uchun dispetcherlar olib kelgan. 25-apreldan beri chekka hududlarga yordam yetkazish qiyin bo'lyapti, havo dispetcherlari yetishmayapti.

Nepal vaziri Surayyo Prasad Silvalning aytishicha, xorijdan kelayotgan yordam chekka hududlarga tarqatiladi, samolyot va vertolyotlar evakuatsiyaga muhtoj odamlarni eng katta zarar ko'rgan rayonlardan chiqaradi.

Qidiruv ishlari hali ham davom etmoqda. Tiriklarni topish umidi kun-sayin so'nib bormoqda. Minglab odam haligacha vayronalar ostida.

BMT hisobiga ko'ra, zilzila sakkiz million odamning hayotiga ta'sir qildi, ikki millioni uyini tashlab chiqishga majbur bo'ldi.