Germaniyada ikki oy oldin o’tgan saylovlar ketidan hokimiyat yangi kuchlarga o’tmoqda. Sotsial-demokratlar yashillar va “Erkin demokratlar” partiyasi bilan koalitsion hukumatga kelishib, iste’foga chiqayotgan kansler Angela Merkelning hozircha hukmron Nasroniy-demokratlar partiyasini davlat boshqaruvidan chetlashtirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Sotsial-demokratlarning kelasi oy yangi kansler sifatida ish boshlayotgan yetakchisi Olaf Sholsni tashqi siyosatga doir ko’plab masalalar kutmoqda. Shols ittifoqchi mamlakatlar bilan aloqalarni kuchaytirishga so’z berdi.
“Fransiya blan do’stligimiz, AQSh bilan hamkorligimiz, dunyoda tinchlik va farovonlikka sodiqligimiz – tashqi siyosatimiz ustunlaridan”, - dedi u.
Yangi kansler avvalambor Kreml bilan shug’ullanishi kerak bo’ladi. Ukraina sharqidagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotgan Rossiya chegarasi bo’ylab 90 ming sonli qo’shin va harbiy texnika joylashtirgan. Kiyev Rossiya unga hujum qilishidan xavotirda.
“Ukraina suverenitetiga qarshi har qanday tajovuz qimmatga tushadi”, - dedi iste’foga chiqayotgan Angela Merkel Rossiyani qo’shimcha sanksiyalar haqida ogohlantirib.
Yevropa Belarusni Polsha chegarasiga minglab migrantlarni olib kelib sun’iy inqirozni vujudga keltirganlikda ayblar ekan, bu ishga Rossiya sherik ekanini da’vo qiladi.
Germaniyadagi yangi hukumat bu masalalarga qanday munosabat bildiradi?
Koalitsion hukumat yuzasidan uch partiya imzolagan 177 sahifalik kelishuvda aytilishicha, Germaniya NATOni Yevropa xavfsizligining poydevori deb biladi va uni qo’llab-quvvatlashda davom etadi.
“Yangi hukumat eski siyosatni davom ettirish bilan birga Rossiyada fuqarolik jamiyatini qattiq qo’llab-quvvatlashini, Rossiyaning avtokrat siyosatiga qarshi turishini bildirdi. Bunda koalitsiyaga kirgan Yashillar partiyasi izini ko’rsa bo’ladi”, - deydi “Kerber jamg’armasi” tahlilchisi Liana Fiks.
Yashillar partiyasining yetakchisi, deputat Annalena Berbok Germaniyaning keyingi tashqi ishlar vazirasi bo’ladi. Uning bu lavozimdagi ilk vazifasi Rossiyani Germaniyaga bog’lovchi “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini tasdiqlash bo’ladi. Tanqidchilarning xavotir olishicha, Rossiya quvurdan Yevropani shantaj qilishda foydalanishi mumkin.
Qo’shma Shtatlar yaqinda loyihaga aloqador rus kompaniyalariga qarshi sanksiyalarni kuchaytirdi.
“Eng boshida quvurga qarshi bo’lgan yashillar koalitsiya haqidagi kelishuvda loyihaga e’tiroz bildirmadi”, - deydi Fiks.
Yangi kanslerning Putin bilan shaxsiy munosabatlari qanday bo’ladi? Merkel kommunistik Sharqiy Germaniyada voyaga yetgan, rus tilini mukammal biladi.
“Bu unga Rossiya prezidenti bilan yaqinroq bo’lishga imkon berdi. Olaf Sholsda esa bunday bog’liqlik yo’q, biroq u vaziyatni yaxshi tushunadi. U hamisha “haqiqatni kuch bilan qozonib bo’lmaydi” yoki “zo’ravon kuchli bo’lgani uchun haq bo’lavermaydi” deb kelgan. Tashqi siyosatga ham, Rossiyaga nisbatan siyosatga ham ana shunday nuqtai nazardan yondashadi”, - deydi siyosatshunos.
Sholsning aytishicha, Germaniya yangi dunyo tartibiga tayyor bo’lishi kerak.
"Dunyo o’zgaradi. Ko’p qutbli bo’ladi. Ya’ni qudratli davlatlar ko’payib, kelajakdagi jarayonlarga ta’sir qiladi”, - deydi bo’lajak kansler.
Biroq hozircha yangi hukumat, asosan, ichki masalalar, jumladan koronavirusga qarshi kurash bilan shug’ullanadi. Germaniyada shu kunga qadar 100 mingdan ortiq odam bu kasallikdan o’ldi.