Nyu-York kasalxonalari koronavirus bemorlari bilan band. Odamlar oziq-ovqat do’konlari va banklarga niqob va qo’lqopda bormoqda. Afsuski, ishlatilgan himoya vositalari bugun har yerda yotganini ko’rish mumkin.
Rayan Makkenzining Nyu-York shahrida kichik qahvaxonasi bor. Bizneslar, jumladan uning kafesi ham sekin-asta ochilishni boshlagan. Ammo Makkenzi bo’sh vaqtini ko’chalarni koronavirus bilan bog’liq axlatdan tozalash bilan o’tkazadi.
“Odamlarda shunday jirkanch odat bor, xohlagan narsani yerga tashlasam bo’ladi deb o’ylashadi. Meni shu bezovta qiladi”, - deydi u.
Nyu-Yorkda joriy etilgan kuchli karantin choralari yumshatilgandan keyin aholi nihoyat musaffo osmonni ko’rganidan xursand. Yerga qaramasangiz bo’lgani. Yo’laklar, do’konlar atrofi, metro bekatlari, hatto ko’chadagi gul tuvaklar ichida ishlatilgan niqob va qo’lqoplarni ko’rasiz.
“Aholi e’tiborini bu muammoga qaratish uchun ijtimoiy media orqali ko’p ishlar qilayapmiz. Pandemiya paytida o’zingizni himoya qiling, ammo bir paytning o’zida ekologiyani ham unutmang. Himoya vositalarini axlatga tashlang”, - deydi tabiatparvar faollardan biri Edriyen Esposito.
Faollar qatorida mahalliy hukumat ham aholidan maska va qo’lqoplarni har yerga tashlamaslikni so’ramoqda.
Biroq Manxetten ko’chalariga qarasangiz, tavsiyaga hamma ham rioya qilayotgani yo’q. Buning ustiga, karantin paytida shahar ko’chalarini tozalash ishlari sezilarli darajada sekinlashgan.
“Axlatga tashlash kerak. Men bunga doim amal qilaman”, - deydi bu nyu-yorklik.
“Ketingizdan tozalab yuring. Haqiqatan ko’chalarda niqob va qo’lqoplarni ko’p ko’rayapman”, - deydi yana bir amerikalik.
Ishlatilgan himoya vositalari koronavirus tarqalishiga ham hissa qo’shishi mumkin.
“Nazariy jihatdan shunday ehtimol bor. Agar virusli niqob yoki qo’lqopni qo’lingizga olsangiz, so’ng og’iz yoki ko’zga tegsangiz, sizga yuqishi mumkin. Bu ham bir yuqish mexanizmi”, - deydi epidemiolog Saskiya Popesku.
Yana bir muammo: qo’lqopdagi plastik plyajlargacha yetib kelib, qushlar va toshbaqalarning o’limiga sababchi bo’ladi. Qolgani esa mikroplastikka aylanib, tabiatni yanada ifloslantiradi.
“Qo’lqoplar yomg’ir bilan okeanga yuvilib ketadi”, - deydi Makkenzi.
Bu amerikalik shaharning koronavirusdan tuzalishini tezlashtira olmasa-da, ko’chalarni toza-ozoda saqlashga harakat qilmoqda.