Mirziyoyev Nyu-Yorkka nega davlat samolyotida uchmadi?

Shavkat Mirziyoyevni Nyu-Yorkda Amerika-O'zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lem kutib oldi, 18-sentabr, 2017

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning BMT doirasidagi uchrashuvga rasmiy davlat samolyotida emas, rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning shaxsiy uchog'ida safar qilgani borasida "Ozodlik" va BBC tarqatgan xabarlar ortidan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning kutilmaganda Toshkentda paydo bo‘lgani haqidagi gap-so'zlar ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo'lmoqda.

Rasmiy Toshkent Shavkat Mirziyoyevning safari, samolyot bilan bog‘liq mojaro yuzasidan hozircha biror izoh bermagan.

O‘zbek muxolifati yetakchisi Muhammad Solih hokimiyatda zimdan kechayotgan kurashlardan xabardorligini bildiradi, uning fikricha, Patrushevning Toshkentga qilgan kutilmagan safari aynan Mirziyoyevning safari bilan bog‘liq.

"Bu voqealar tasodif bo‘lishi mumkin emas. Patrushevning to‘satdan kelib qolishini boshqa hech narsa bilan izohlab bo‘lmaydi. Prezident qaytgach, vaziyat yuzasidan izohlar berilar, voqealar hatto biz kutmagan shaklda ham rivojlanishi mumkin. Har holda Patrushevning kelishi meni juda hayajonlantirdi, bu bo‘shga emas deb o‘ylayapmiz. Biz Rossiya ta’siriga tushib qolmaslik kerakligini boshidanoq aytib kelyapmiz. Qolaversa, Alisher Usmonov Putinning yaqin odamlaridan biri. Ammo xavfsizlik masalasiga kelganda, prezident shunga majbur bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham buni xavfsizlik nazaridan tushunish mumkindir, lekin boshqa bir shaklda mustaqil davlat prezidentining ish odami uchog‘ida ketishi ijobiy qabul qilinmaydi", - deydi Muhammad Solih.

Siyosiy faolga ko‘ra, prezident xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat ancha qaltis, Mirziyoyev va Inoyatov o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgani o‘z tasdig‘ini topmoqda.

"Mirziyoyevning islohotiga qarshi kuchlar uni shantaj qilishayotgani, hatto “O‘zbekiston havo yo‘llari“ga ularning odami qo‘yilmasa, samolyotlar uchmay qolishi, hatto portlashi mumkinligi bilan shantaj qilingani, bu shantaj Inoyatov tomonidan bo‘lgani haqida anonim muallif Usmon Haqnazar yozgan edi. O‘sha paytda bu konspiratsiyaga o‘xshab ko‘rindi, ammo keyingi voqealar rivoji buni tasdiqlayapti. Xususan, prezident o‘z safarini rasmiy uchoqda emas, Usmonovning shaxsiy samolyotida amalga oshirgani shu anonim muallifning taxminlari to‘ri ekanligidan dalolat beryapti. Albatta, men buni taxmin sifatida aytyapman. Buni jamoatchilikdan yashirishga bo‘lgan urinishlar ham taxminlar to‘g‘ri ekanligiga ishora qiladi. Biz umid qilmiz, O‘zbekiston bir sinov davrini o‘tayapti, MIrziyoyev samimiy ko‘rinadi, islohot qilmoqchi, shu bosqichda biror kor-xol, fojia bo‘lishini biz istamaymiz. Ammo hozirgi vaziyat bizga juda g‘ayritabiiy ko‘rinmoqda. Ayniqsa, Mirziyoyev AQShga ketgan bir paytda, hech bir sadosiz Rossiya xavfsizlik kengashi rahbari Patrushev Toshkentga keldi", - deydi muxolifatchi.

O‘zbekistonga 19-sentabr kuni kelgan Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Toshkentda hamkasbi Viktor Mahmudov bilan muzokara o‘tkazgan. Matbuot xabariga ko‘ra, safar Rossiya va O‘zbekiston xavfsizlik idoralarining o‘zaro maslahatlashuv doirasida o‘tmoqda, muzokarada Afg‘onistondagi vaziyatga alohida diqqat qaratilgan.