Senator Makkeyn homiyligida AQShda malaka oshirgan yosh liderlar

  • Amerika Ovozi

“Keyingi avlod liderlari” nomli dastur ishtirokchilari

Dunyoning turli burchaklaridan kelgan 10 mutaxassis AQShda o’tgan bir yil davomida malaka oshirdi. Ular “Keyingi avlod liderlari” nomli dasturning ilk qatnashchilaridir.

Your browser doesn’t support HTML5

Kelajak liderlari, Behzod Muhammadiy

Guruh a’zolari nodavlat tashkilotlar, mahalliy hokimiyatlar hamda biznes kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi.

Dastur shaxsiy liderlik salohiyatini kuchaytirish maqsadida Xalqaro yetakchilik bo’yicha Makkeyn instituti tomonidan tashkil etildi. Instututga AQSh respublikachi senatori Jon Makkeyn oilasining nomi berilgan.

“Har qanday qiyinchiliklarni yengib o’tishga tayyor yetakchilarning keyingi avlodini yaratish uchun qo’limizdan kelgan hamma ishni qilishimiz kerak”, - deydi senator Makkeyn.

Makkeyn instituti Vashingtonda joylashgan, ammo Arizona davlat universitetining bir qismi hisoblanadi.

Senator yordamchisi Ben Frikliga ko’ra, mamlakatlariga qaytgandan keyin ham institut ishtirokchilarni qo’llab-quvvatlashda davom etadi.

“Ular o’z yurtida qilayotgan ishlarga e’tiborni jalb etish Makkeyn institutining vazifasidir. Agar Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda olib borayotgan tadqiqotlari uchun yordamga ehtiyoj sezishsa, biz qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi u.

Dastur bitiruvchilarining orzulari ulkan. Konchilik sohasi mutaxassisi kongolik Surayyo Aziz Sulaymona yurtiga qaytgach, kon sanoatining mahalliy aholiga beradigan ijtimoiy yordamini yaxshilash ustida ishlamoqchi.

“Borganimdan so’ng Shimoliy Amerika konchilik kompaniyalarida o’rganganlarimni amalda tatbiq etishga urinaman. Dastur menga ko’p narsa o’rgatdi, turli institutlarda ishlovchi odamlar bilan tanishdim. Mamlakatim uchun ijobiy ta’siri katta bo’ladi”, - deydi u.

Zohir Abbos Pokistonning mojarolar o’chog’i bo’lgan qabilaviy hududlarida ishlaydi. U mintaqada zo’ravonlikni kamaytirish maqsadida pokistonliklarning noto’g’ri qarashlarini o’zgartirish niyatida.

“Men erkaklarni tinchlikparvar bo’lishga undamoqchiman. Ularning erkaklik sha’niga e’tibor qaratib, yaxshiroq odam bo’lishga chaqiraman. Shuningdek, ayollarni qo’llab-quvvatlashga, yordam berishga urinaman”, - deydi pokistonlik faol.

Dasturdan maqsad demokratik qadriyatlarni va yetakchilikni qadrlovchi odamlarning global tarmog’ini yaratish, deydi institut direktori Kurt Volker.

“Biz o’z jamiyatlarida ana shunday qadriyatlarni targ’ib qiluvchi, dunyoni yashash uchun yaxshiroq maskanga aylantiruvchi odamlarni qidiryapmiz”, - deydi u.

Bu yilgi dastur ishtirokchilari o’z vatanlariga qaytishdi. Makkeyn instituti kelasi yili qatnashchilar sonini ikki barobar oshirishni ko’zlamoqda.