Shimoliy Koreya tashqi siyosati yangi rahbar ostida qanday bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya tashqi siyosati yangi rahbar ostida qanday bo'ladi?

Shimoliy Koreyada uzoq yillik rahbar Kim Chen Ir vafot etib, hokimiyat uning o'g'li Kim Chen Un, yosh, tajribasiz va ko'pchilik uchun notanish bir shaxs qo'liga o'tdi. Shimoliy Koreya dunyoning eng yopiq va qashshoq mamlakatlaridan biri. Rossiya va Xitoy bilan aloqalari yomon emas, lekin bu davlatlar ham Shimoliy Koreya qo'lidagi xavfli qurollarga katta tahdid sifatida qaraydi. Pxenyanga ishonmaydi.

Qo'shma Shtatlar azaldan bu mamlakat bilan til topisha olmay keladi. Kim Chen Irdan keyin aloqalar yaxshilanishi mumkinmi? Biz bu savol bilan Shimoliy Koreyadagi vaziyat bilan yaqindan tanish, bu davlat bilan muzokarada bo'lgan keksa diplomatlarga murojaat qildik.

Mamlakat 17 yillik dohiysining o'limiga hali ham aza tutar ekan, milliy bayroqlar tushirilgan.

Ayrim davlatlar rasmiy Pxenyanga ta'ziya bildirar ekan, Davlat departamenti matbuot kotibasi Viktoriya Nulandning aytishicha, Qo'shma Shtatlar bunday qilmoqchi emas.

"Bizning nazarimizda hozir buning mavridi emas", - deydi rasmiy.

Nulandning aytishicha, Qo'shma Shtatlar bayonot chiqarib, Shimoliy Koreyadagi yangi tuzumdan umidimiz katta degan.

Biroq shuning o'zi kifoyami?

AQShning Shimoliy Koreya bo'yicha sobiq maxsus vakili Stiven Bosvort yelkasini qisadi.

"Balki kifoyadir, balki kifoyamasdir", - deydi u.

Bir necha kun burun vafot etgan Kim Chen Irning otasi, Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen 1994-yilda olamdan o'tganida AQSh rasman ta'ziya bildirgan edi. Bosvortning aytishicha, bunday munosabat ziddiyatni bir oz yumshatishga yordam berib, tomonlar doiraviy bitim imzolaydi. Bir necha oy o'tgach esa Shimoliy Koreya yadro dasturini to'xtatishga qaror qiladi.

Biroq o'shanda erishilgan yutuqdan asar ham qolmay, rasmiy Pxenyan yadro dasturini davom ettirib, janubdagi qo'shnisi bilan munosabatlar taranglashadi.

Masalan, o'tgan yili Shimoliy Koreya janub harbiy kemasiga hujum qilib, 46 matrosni o'ldirdi. Bir necha oy o'tib Janubiy Koreyaga tegishli orolni o'qqa tutib, yana to'rt harbiyni nobud qildi.

AQShda saylov yili boshlanar ekan, rasmiy Pxenyanga munosabat turlicha. Davlat kotibining sobiq yordamchisi Richard Armitijning aytishicha, Qo'shma Shtatlar siyosatni puxta o'ylab ish tutishi kerak.

"Ba'zi hatti-harakatlarimiz tufayli biz zaif, ular esa kuchli ko'rinyapti. Kutilmagan holatlarga shay turishimiz, ehtiyot bo'lishimiz lozim", - deydi u.

Shimoliy Koreya taqdiri endi uning yosh va yangi rahbari Kim Chen Unning qo'lida. Ammo u haqida ma'lumot kam bo'lgani uchun uning siyosati qanday bo'lishini ham hozirdan aytish qiyin.