Tunislik faollar - Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindorlari

  • Amerika Ovozi

Tinchlik uchun 2015-yilgi Nobel mukofoti Tunisdagi fuqarolik jamiyati tashkilotlariga topshiriladi. 2011-yilgi inqilobdan so'ng mamlakatning demokratiya tomon qadam tashlashi uchun ter to'kkan va vositachilik qilgan faollar yuksak sovringa loyiq topildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Tunislik faollar - Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindorlari - Shohruh Hamro

Nobel mukofotini idora etuvchi Norvegiyadagi qo'mitaning bildirishicha, Tunis milliy dialog kvarteti bu yilgi sovringa eng munosib nomzoddir.

To'rt tashkilotdan iborat koalitsiya arab bahori nomini olgan qo'zg'olonlar ketidan turli guruhlar orasida vositachilik qilgani, tinchlik jarayonini yo'lga qo'ygani uchun olqishlanmoqda.

"O'shanda fuqarolik urushi yoqasida turgan Tunis dialog va muzokara yo'lini tanladi. Turli partiyalarni murosa tomon yo'naltirishda, eng chigal masalalarni hal qilishda kvartetning hissasi katta", - deyiladi Nobel qo'mitasi bayonotida.

Koalitsiya to'rt soha vakillarini o'z ichiga oladi - kasaba uyushmasi faollari, tadbirkorlar, inson huquqlari himoyachilari va huquqshunoslar.

Arab bahorini boshidan o'tkazgan mamlakatlar orasida Turnis demokratik taraqqiyot bobida sezilarli yutuqqa erishayotgani alohida qayd etiladi.

O'tgan yili Tinchlik uchun Nobel mukofoti ayollar huquqlari uchun kurashib kelayotgan pokistonlik o'quvchi qiz Malala Yusufzoy va bolalar huquqi himoyachisi hindistonlik Kaylash Satyartiga topshirilgan edi.

Tunis milliy kvartetiga kasaba uyushmalari vakillari, tadbirkorlar, huquq himoyachilari va huquqshunoslar kiradi