Shimoliy Koreya yadro quroli yasashda olg’a siljigan

  • Amerika Ovozi
Tahlilchilar fikricha, Shimoliy Koreya o’tkazgan yadroviy sinov mamlakat ommaviy qirg’in quroli yasashda olg’a siljiganidan darak beradi.

Pxenyan shu hafta avvalgiga qaraganda kichikroq, biroq qudratliroq bombani portlatgan. Dekabrda esa uzoq masofani bosadigan raketa fazoga uchirilgan edi.

Kommunistik davlat yasayotgan qurol Amerikani nishonga olishi ehtimoldan xoli emas, deydi Shimoliy Koreya bo’yicha ekspert Andrey Lankov.

“Ularning maqsadi aniq – ham yadro qurolini, ham olisdagi o’ljalarga yetadigan raketani qo’lga kiritish”, - deydi mutaxassis “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Shimoliy Koreya bu sohada boshqalar o’ylaganidan ancha tez taraqqiy etmoqda”, - deydi u.

Shunda ham Pxenyan tayyor mahsulotni qo’lga kiritishi uchun yillar, qator sinovlar zarur bo’ladi, deb hisoblaydi Lankov. Shu bilan birga ekspert fikricha, Pxenyan hech qanchon birinchi bo’lib zarba bermaydi.