Bruklinda asos solingan “Light of Hope” (Umid nuri) xayriya tashkiloti 2011-yildan buyon O'zbekistonga bir necha tonna yordam yuborgan. Tashkilotga o'zbekistonlik muhojir Munira Mahmudova asos solgan. Uning xayrli tashabbusini saxovatpesha vatandoshlari, O'zbekistonning diplomatlari va “O'zbekiston havo yo'llari” kompaniyasi ham qo'llab-quvvatlab keladi.
Asl kasbi shifokor Munira Mahmudovaning endigi orzusi Amerikadagi vatandoshlar ishtirokida O'zbekistonning Samarqand shahrida ehtiyojmand odamlarga xizmat qiluvchi bepul reabilitatsiya markazini ochish. Munira Mahmudovaga ko'ra, ushbu ishni amalga oshirish uchun hozir eng qulay davr.
Ushbu garaj eshigining ochilishi O'zbekistondagi yana bir ehtiyojmand nogiron yoki bemorning hademay mushkuli oson bo'lishiga bir ishora. Chunki uni Munira Mahmudova saxovatli vatandoshlaridan navbatdagi nogironlik aravachasi yoki shunga o'xshash xayr-ehsonlarni qabul qilish paytida ochadi. Munira xola “Light of Hope” xayriya tashkiloti asoschisi va rahbari.
“Mana shunaqa maxsus tuvaklarga ehtiyoj juda ham katta. Qariyalarga kerakli narsa. Snunaqa narsalarni qariyalarga olib borsangiz, “Baraka toping” deya duo qiladilar. Kerakli narsa”, - deya tushuntiradi Munira Mahmudova.
Ushbu garaj “Light of Hope”, ya'ni “Umid nuri” xayriya tashkiloti uchun o'zbekistonlik muhojir faollar tomonidan ijaraga olib berilgan. Tashkilot 2011-yilda ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lsa-da, xayr-saxovat ishlari bilan undan anchaoldin, Bruklindagi o'zbekistonlik muhojirlar ko'magida boshlaganliklarini aytadi Munira Mahmudova.
“Men kinoni ko'p tomosha qilardim. Amerikaning bir kinosini ko'rgandim. O'sha filmda qarigan ikki kampir, qayergadir borib shunaqaxayriya ishi bilan shug'ullangani haqida hikoya qilingan edi. Kinolentani tomosha qilarkanman, men ham qarisam, shunaqa ishlarni qilaman deganman. Ko'nglimdan o'tkazgandim, shu narsa bo'lyapti. Amerikaga kelib ataylab shu ishlarni qilyapman”, - deydi 72 yoshli Munira xola.
Uning asl kasbi shifokor bo'lgani uchun ham “Umid nuri” O'zbekistondagi nogironlarva og'ir kasallarning ehtiyojidan yaxshi xabardor.
“Hassalar yuboramiz. Bunaqa hassalarga ham ehtiyoj katta, odamlar so'raydilar. Biz ularni avval bu yerda yig'ib, keyin (O'zbekistonga) yuboramiz” - deydi u garajida to'plangan turli-tuman hassalarni birma-bir ko'rsatib.
“Albatta u yerda (O'zbekistonda) bunday buyumlarga ehtiyoj juda katta. Chunki biz bir ehtiyojmandga kerakli aravacha yoki hassasini olib berganimizdan keyin qo'shnilari va uning atrofidagilarning yana bir nechasi bizga buyurtma beradi. Ehtiyoj borligi uchun ham yuboryapmiz. Statistika bo'yicha O'zbekistonda 75 mingta nogiron bor”, - deydi Munira Mahmudova.
Munira opaning e'tirof etishicha, ushbu xayriya ishlarini amalga oshirishda uning atrofida yig'ilgan saxovatpesha vatandoshlarning hissasi katta. Biri garajning ijara pulini qoplasa, boshqasi ko'ngilli sifatida odamlar keltirayotgan buyumlar-u kiyim-kechaklarni taxlab, O'zbekistonga jo'natishga tayyorlaydi.
Tadbirkorlar yuklarni aeroportga eltish xarajatlarini qoplashsa, konsullik xodimlari hujjatlarni rasmiylashtirishga ko'mak berishadi. “O'zbekiston havo yo'llari” aviakompaniyasi esa xayriya yukini O'zbekistonga bepul yetkazib beradi.
Shu kunlarda Munira Mahmudova yanada kattaroq g'oyani amalga oshirish payida.
“Maqsadim Samarqandda xayriya ishlari bilan shug'ullanadigan odamlar bilan birgalashib, reabilitatsiya markazini ochish”, - deydi u.
Bu ishni esa Munira xola eng avvalo O'zbekiston hukumati, so'ngra esa AQShdagivatandoshlar hamda xalqaro xayriya tashkilotlari ko'magida amalga oshirmoqchi. “Umid nuri” rahbarining g'oyasini o'zbekistonlik Abduqodir Rabbimov shunday izohlaydi:
“Juda ham katta ko'lamdagi ishlarga qo'l urilayapti. Shaxsan o'z fikrimni aytadigan bo'lsam, bu ishlarni qilish uchun juda ham katta tayyorgarlik va katta kuch kerak. Faqatgina oddiy odamlar emas, yirik homiylar jalb qilinsa ma'qul bo'ladi deb o'ylayman”.
“Opamiz Samarqandda tekin davolovchi shifoxonalar va reabilitatsiya markazini ochish to'g'risida gapiryaptilar. Reabilitatsiya masalasida ayni kundagi holatni bilmayman, ammo ilgari nogiron, dardga chalingan odamlarni 15 kunga reabilitatsiyaga yotqizardi, 15 kunda tuzalib oyoqqa turmaydi-ku og'ir bemorlar. Keyin unday markazlardan nogironlarni og'irroq guruhdan yengiliga o'tkazish yo'lida foydalanishardi, bu noto'g'ri ish edi. Haqiqatdan ham reabilitatsiya markazini ochib, nogiron kishilarning davolanib tuzalib ketishiga sabab bo'lsa juda ham oliyjanob ish bo'lardi”, - deydi Abduqodir Rabbimov.
“Umid nuri”ning o'tgan davrdagi faoliyati bois ozmi-ko'pmi birovlarga yordam bo'lyapti. Kimlargadir nafi tegyapti”, - deydi Abduqodirota. Uning o'zi ham bundan oldin qariyalarga keraklibir necha quti jihoz va kiyim-kechaklarni tashkilotga yig'ib bergan.
Munira Mahmudova deydiki:
“Asosan, invalidlarga aravachalar jo'natganmiz. Kasalxonalarga mexanik krovatlar yuborgandik. “Saxovat” qariyalar uyiga pamperslar, yurishga yordam beradigan “rolator”, “walker”lar, qariyalar uchun mo'ljallangan maxsus tuvaklar yuborganmiz va tashakkurnomalar olganmiz. Ilgari ko'proq yangi narsalarni yuborardik. Hozir esa ishlatilgan, ammo ishalatishga yaroqlinarsalarni yig'ib jo'natyapmiz. Biz yuborgan yuklar Samarqandga, Toshkentga, Gulistonga, Termizga, Urgutga va Buxoroga yetkazilgan. Turli tashkilotlar bilan aloqamiz bor, ular bizga oldindan ariza-buyurtma beradilar. Mahallalardan biz buyurtma olamiz. Ular qaysi bemorning nimaga ehtiyoji borligini bizga yozadi, shu asosda biz o'z yukimizni yuboramiz”.
Munira Mahmudova Bu ishlarni bajarish oson kechmasligini ham yashirmaydi. Ba'zilar ko'rsatilayotgan yordamni suiiste’mol qilib, yana kimdir ortiqcha gap-so'zlari bilan dilini og'ritishini aytadi. Shuning uchun tashkilot rahbari yordamni o'zi manzilga eltishga intiladi.
“Samarqandga borib o'zim narsalarni tarqatganimda o'zimni yaxshi his etaman. Odamlarga yaxshilik qilganimdan o'zimni baxtli his qilaman. Bu yerda esa odamlarni xayriya ishiga jalb qilayotganimda ulardan munosib javob ko'rmagan paytlarda afsuslanaman, xafa bo'laman. Nimaga odamlar shuni tushunmaydilarki,boshqa bir joyda qiynalayotganlar ham bor”, - deya hozirda Amerikadagi vatandoshlarning avvalgidek qo'li ochiq emasligidan noligandek bo'ladi xola.
Ammo arxividagi suratlarni bizga ko'rsatar ekan, ko'zi chaqnaydi. U yerda avvalgi safar yetkazilgan yordamlaridan mamnun odamlar aks ettirilgan. Ularga qarabMunira Mahmudova boshqa muhtojlar uchun ham yangi xayrli g'oyalarini amalga oshirishga albatta urinibko'rishi kerakligini, bu vazifani ham tanti vatandoshlari yordami bilan uddalashlariga ishonishini uqtiradi.