AQSh Prezidenti Afg'oniston bo'yicha o'zining yangi rejasini e'lon qildi. Unga ko'ra, kelasi yili bu o'lkada qoladigan AQSh askarlari soni 8400 atrofida bo'ladi.
Avvalroq Amerika harbiylari soni 9800 dan yil oxirigacha 5500 ga tushishi aytilgan edi. Ammo Obamaning televideniye orqali xalqqa murojaat qilishicha, Afg'onistonda vaziyat hanuz qaltis.
"Tolibon tahdidligicha qolmoqda. Ayrim holatlarda hatto qo'li baland kelmoqda. Ular Kobulda xudkushlik portlashlari va hujumlarini davom ettiryapti. Tolibon ataylab fuqarolarni nishonga olgan. Ko'plab afg'onlar, ayollar va bolalar halok bo'lyapti", - dedi AQSh rahbari.
Oq uyda so'zlagan Obama AQSh va xalqaro hamjamiyat Afg'onistonga yordam berish ahdida qat'iy ekanini yana bir bor tilga oldi.