Obama: AQSh o'z manfaatlarini urushsiz ham himoya qila oladi

  • Amerika Ovozi

Prezident urush va harbiy kuch emas, xalqaro murosa va muloqot tarafdori ekanini ta'kidlab kelmoqda. Nozorilar nazarida esa bu qa'tiyatsizlik.

Prezident Barak Obamaning tashqi siyosatidan Amerikada nafaqat muxolifat balki ko’plab siyosiy sharhlovchilar va odatda uni global fikrlaydigan lider deya maqtovchi ekspertlar ham norozi.

Obamaning pozitsiyasi noaniq va zaif, deydi ular. Oq uyga ko’ra esa prezident anoyi emas, xalq nima istashini biladi va davlat manfaatlaridan kelib chiqqan holda qadam tashlamoqda.

Prezidentning o'zi urush va harbiy kuch emas, xalqaro murosa va muloqot tarafdori ekanini ta'kidlab kelmoqda. Nozorilar nazarida esa bu qa'tiyatsizlik.

Ko'pchilik tan oladigan yana bir haqiqat - Amerika keskin harakat qilsa ham, qilmasa ham tanqid ostida. Rahbarlar esa tanqidga o'rgangan. Eng muhimi, oldidagi masalalar, imkoniyat va cheklovlarni hisobga olgan holda qaror qilish.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama tashqi siyosati - tanqid va javob - Navbahor Imamova


AQSh sanksiyalariga qaramay Rossiya Ukrainada bilganini qilmoqda, Suriya va Misr hamon notinch, Xitoy o’z atrofidagi davlatlarni bo’ysundirish yo’lidan ketmoqda, Isroil-Falastin mojarosi yechilmagan – Obama nima bilan band o’zi?

Bu tanqidga Obamaning o’zi shunday javob beradi:

“Tashqi siyosatimizdan norozilik shundan iboratki, biz harbiy kuch ishlatmayapmiz. Men sizlardan so’rayman, nima uchun hamma urush boshlashga o’ch? Axir 10 yildan oshibdiki, urushdan boshimiz chiqmadi. Qancha odam o’ldi? Byudjetimiz yemirildi.”

Gap shundaki, Amerikada hamma “urush boshlaylik” demayapti. So’rovlarda aksariyat odamlar AQSh harbiylari biror davlatga kirmasin deydi.

Lekin ularning istagi shuki, AQSh global lider sifatida harbiy kuchsiz ham ildamroq harakat qilishi kerak.

2009-yilda, prezidentlikning ilk oylarida Qohiraga safar qilgan Obama demokratik o’zgarishlarga chaqirgan.

“Biror hukumat boshqa bir hukumat tomonidan ag’darilmasligi kerak. Men bunga qarshiman. Lekin biz xalq irodasiga asoslanib siyosat yuritish kerak deb hisoblaymiz”.

Oradan ko’p o’tmay arab dunyosida inqiloblar yuz berdi. Misrda vaziyat izdan chiqdi. Suriyada urush boshlandi.

Bashar al-Assad hokimiyatdan jilmadi, xalqqa qarshi qurol ishlatdi, kimyoviy vositalarni ishga soldi. Obama ma’muriyati uni to’xtata olmadi.

Suriyaliklar hamon bir-birini o’ldirib yotibdi, deydi tahlilchi Larri Korb.

“Obama Suriyada nima qilishi mumkin edi? Bostirib kirsak, bu xalq bizni quchoq ochib kutib olarmidi? Iroqda mana shuni kutgan edik, nima bo’ldi? Ayrimlar xushladi, lekin aksariyati yo’qol dedi”,- deydi Korb.

Isroil va Falastin orasidagi azaliy mojaroning ham oxiri ko’rinmaydi. Obama ma’muriyati muzokaraga undaydi, uchrashuvlar esa samarasiz.

Tashqi siyosat kengashidan Elliot Abrams:

“Amerika bu masalani hal etishga harakat qilmoqda. Davlat kotibi Jon Kerri qattiq urinayapti, tan olish kerak buni. Lekin muzokara kutilgan natijani bermasa, bu siyosat xato deb baholanadi. AQSh bosh qo’shgan ish samarasiz tugasa, demak, ayb bizda, Amerikada. Biz kimnidir ko’ndirolmadik, deymiz”.

Hozircha Obama tashqi siyosatida bir masalada o’ziga xos siljish bor. Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarish va u bilan xalqaro davrada murosaga erishish.

Prezident Amerika o’zini harbiy mojarolardan saqlaydi va asosiy e’tiborni o’ziga, xususan iqtisodiy rivojlanishga qaratadi, deya xalqqa va’da bergan. Tarafdorlari nazarida u va’dasida turibdi. Boshqalar esa baholashga erta deydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika Manzaralari/Exploring America, May 26, 2014