AQSh rahbarining rafiqasi Mishel Obama Osiyo bo’ylab besh kunlik safarga chiqmoqda. U qizlar ta’limini targ’ib qilishga qaratilgan yangi tashabbusni targ'ib qiladi.
Oq uyning bildirishicha, jahonda 62 million qiz maktabga qatnash imkoniyatidan mahrum va bu muammoga qarshi kurash AQSh tashqi siyosatining ustuvor yo’nalishlardan biridir.
Prezidentning rafiqasi deydiki, qizlarning ta’lim olmayotgani insoniyat uchun zarar. Bu har bir sohaga salbiy ta'sir ko'rsatadi, deydi Mishel Obama.
Your browser doesn’t support HTML5
Rivojlanayotgan mintaqalarda boshlang’ich ta’lim bobida jinsiy tenglikka erishilgani qayd etilsa-da, o’rta ta’limga kelganda jiddiy tafovutlar bor. Ayrim mamlakatlarda madaniy qadriyatlar va amaliyotlar qizlarning jamiyatdagi o’rni va kelajagini belgilaydi va cheklaydi, deydi Obama xonim.
AQSh hukumati “Qizlar ham o’qisin” degan kampaniya boshladi. Loyiha Tinchlik korpusi orqali amalga oshiriladi.
"Tashkilotning 60 dan ziyod mamlakatda faoliyat yuritayotgan salkam yetti ming ko’ngillisi o’z iste’dodi va shijoatini ishga solib, qizlarni maktabga jalb qilishga qaratilgan yuzlab yangi mahalliy loyihalarni amalga oshirishda yordam beradi. Bu loyihalarga jamoalarning o’zi bosh-qosh bo’ladi. Mahalliy yetakchilar, oilalar va qizlarning o’zi bu ishda ishtirok etadi", - deydi Mishel Obama.
Prezident Obama:
"Qizlar o’qisa, kechroq turmushga chiqishi ma’lum. Shunda ularning farzandlari sog’lom bo’ladi, maoshlari ko’payib, oilalari farovon, himoyalangan bo’ladi, natijada bu milliy iqtisodiyot rivojiga ham ijobiy ta’sir qiladi. Siyosiy va xavfsizlik nuqtai nazaridan, ayollar va qizlar teng huquqli fuqaro sifatida ko’ringan mamlakatlar odatda barqaror va ancha demokratik bo’ladi”.
Mishel Obama avval Yaponiyada bo’lib, Bosh vazir Shinzo Abe va rafiqasi Aki Abe bilan uchrashadi.
Ekspert Maykl Kuchekning aytishicha, Yaponiya bosh vaziri va uning rafiqasi ta’limga katta diqqat qaratadi.
"Shinzo va Aki Abening jamg’armasi bo’lib, uning yordamida Birmada maktablar quryapti”, - deydi Kuchek.
Ikki rahbarning rafiqasi Yaponiyadagi talabalar bilan uchrashadi. So’ng Mishel Obama Kambodjada bo’lib, rasmiylar bilan uchrashadi. Obama ulardan davlat boshqaruviga fuqarolik jamiyatini jalb etishni so’rashi kutilmoqda.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Fil Robertson qayd etishicha, Kambodjada qizlar ta’limi jiddiy muammo.
"To’qimachilik sohasida ishlaydigan xotin-qizlar ahvoliga doir bitilgan so’nggi hisobotimizdan ma’lum bo’lishicha, Kambodjada bu sanoatda band ishchi kuchining 92 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. To’qimachilik fabrikalarida ularning huquqlari muntazam ravishda poymol etiladi, qizlar maktabga qatnamaydi”, - deydi Robertson.
“Qizlar ham o’qisin” dasturi Albaniya, Benin, Burkina-Faso, Gruziya, Gana, Moldova, Mongoliya, Mozambik, Togo va Ugandada ham amalga oshiriladi.