Obama Eron bilan muzokara olg'a siljishidan umidvor

  • Amerika Ovozi

Amerika Prezidenti Barak Obama Eron bilan yadro dasturiga doir muzokaralar olg'a siljishidan umidvor.

Ikki davlat bu muammoni tinch yo'l bilan hal qilishiga ishonaman, dedi Oq uy rahbari Eron ahlini Navro'z bilan muborakbod etar ekan.

Murosa natijasida Eron xalqaro hamjamiyat qatoriga qaytadi, izolyatsiyadan xalos bo'ladi, deydi Obama. Bu esa Eron xalqi uchun yangi imkoniyatlar sari eshiklarni ochib beradi.

Amerika rahbarining aytishicha, agar yadro dasturini qisqartirish yuzasidan kelishuvga erishilmasa, Tehron hozirgi yo'lida davom etaveradi; eronliklar yangi ish o'rinlari va boshqa imkoniyatlardan mahrum bo'lib qolaveradi.

Amerika bosh diplomati Jon Kerri va Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bugun, juma kuni Shveysariyada muzokarani davom ettiradi. Maqsad oy oxirigacha dastlabki bitimni ishlab chiqish.

Tehron atom qurolining muhim elementi hisoblangan uranni kamroq boyitishga rozi bo'lsa, G'arb sanksiyalarni yumshatadi. Eron izlanishlar faqat tinch maqsadni ko'zlashini ta'kidlab keladi.

So'nggi xabarlarga ko'ra, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning onasi vafot etishi munosabati bilan Tehron delegatsiyasi Shveysariyadagi muzokarani erta tark etib Eronga qaytgan.

Muloqot chorshanba kuni davom etishi kutilayapti.