11-sentabr fojiasi xotirlanar ekan, Obama jihodchilarga zarba bermoqchi

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Bugun Prezident Obama 11-sentabr voqealarining 13 yilligi munosabati bilan nutq so’zlab, Iroq va Suriyada jihodchilarga qarshi kurashga qaratilgan strategiyasi xususida gapiradi.

Kecha Obama Kongressning har ikki palatasidagi demokrat va respublikachi yetakchilar bilan rejasini muhokama qilgan. Prezidentning aytishicha, Iroqda jangarilarga qarshi harbiy amaliyotni kengaytirish uchun Kongressdan ruxsat olish shartmas.

Shu kungacha AQSh Islomiy Davlat pozitsiyalarini havodan 153 bor nishonga olgan. Iroqqa qo’shin yubormaymiz, deydi Obama.

“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Suriyada ham jihodchilarga hujum qilmoqchi, ammo bizning harakatlarimiz Prezident Bashar Assadga yordam berishini istamayamiz, deydi rasmiylardan biri gazetaga.

AQSh jamoatchiligi va ayrim qonunchilar Yaqin Sharqda harbiy harakatlar yana avj olayotganidan xavotirda. Kongress a’zolari mavzuni avval atroflicha muhokama qilaylik, demoqda.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel Obama hujumni boshlashni buyurishidan oldin masalani ovozga qo’yishni taklif qilmoqda.

Kelasi bir necha kunda Oq uy rasmiylari Kongressdagi barcha 535 qonunchi bilan uchrashib, ularni Obama strategiyasidan xabardor qiladi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Bag’dodda bo’lib, yangi Bosh vazir Haydar al-Abadiy bilan sunniy jangarilarga qarshi kurash haqida fikr almashgan. Kerri Iroqning bu boradagi shijoatidan, mamlakatda yangi hukumat tuzilganidan mamnun.

Hukumatga sunniy arboblar ham kirgan. Kuzatuvchilarga ko’ra, aynan sunniylarning mamlakatda siyosiy jarayonlardan chetlashtirilgani ekstremistik kuchlarni ruhlantirib yubordi.

Bugun Bag’dodda ikkita bomba portlab, kamida to’qqiz odam o’lgan. Kerri bugun Iordaniya, ertaga esa Saudiya Arabistonida bo’ladi.