Obama va Netanyaxu matbuot anjumani o'tkazdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu matbuot anjumani paytida, Quddus, 20-mart, 2013-yil

Isroilga safar qilayotgan AQSh prezidenti Barak Obama Quddusda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi. Asosan ikki tomonlama munosabatlar, Eron tahdidi va Suriya mojarosi xususida gap ketdi.

Prezident Obamaning aytishicha, Eronning yadro qurolini yaratish muddatini baholashda AQSh va Isroil o'rtasida farq yo'q.

"Netanyaxu Eronga qarshi harbiy chora qo'llash qarorini boshqa davlat va, hatto, eng yaqin ittifoqchisi AQShga ma'lum qilishi shart emas. Eron yadro quroliga ega bo'lmasligi uchun Qo'shma Shtatlar barcha choralarni ko'rib chiqishga tayyor. Ammo masalani diplomatik yo'l bilan hal etish uchun hali ham vaqt bor", - dedi Obama.

Netanyaxu hisobicha, Eron bir yilda atom qurolini qo'lga kiritish salohiyatiga ega. Shunday bo'lgan taqdirda Isroil Eron qurolni unga qarshi qaratishidan xavotirda. Ammo Tehron maqsad atom quroli yaratish emas, balki uran boyitish orqali elektr energiya ishlab chiqarish, deb keladi.

Suriyada kimyoviy qurol ishga solingani haqida xabarga munosabat bildirar ekan, prezident Obama buning haqiqatga qanchalik yaqin ekanini sinchkovlik bilan tekshirish kerak, deydi.

"Kimyoviy qurol qo'llangani tasdiqlansa, fojiali xatoga yo'l qo'yilgan bo'lar edi", dedi Obama.

Suriya hukumati isyonchilarni Halab shahri yaqinida kimyoviy qurolni ishga solib, o'nlab odamlarni o'ldirganlikda ayblamoqda. Isyonchilar ayblovlarni rad etib, bu aslida hukumat kuchlarining ishi, dedi.

Obama ham isyonchilar bunga daxldor ekaniga ishonmasligini aytadi.