Prezident Barak Obama Birmada demokratik lider An San Su Chi bilan ko'rishdi. Janubi-sharqiy Osiyodagi bu davlatda kelasi yil saylovlar o'tishi kerak va mamlakat qaysi yo'ldan ketishi haqida savollar ko'p.
An San Su Chining aytishicha, Birmada islohotlar jarayonida nuqsonlar yetarli va ortiqcha optimizm teskari natija berishi, ijobiy o'zgarishlar sustlashishi mumkin. U davlat konstitutsiyasini adolatsiz, nodemokratik deya ta'riflaydi.
"Birmaning demokratiya yo'lidagi sa'y-harakatlarini Qo'shma Shtatlar qo'llab-quvvatlashda davom etishiga ishonchim komil", - deydi u.
"Xalq irodasi, xohishini ifoda etgan to'laqonli demokratiyaga aylanganimizda esa avvalo Amerikani muhim hamrohlarimizdan biri sifatida tilga olamiz", - deydi An San Su Chi.
Muxolifatchi 2012-yilda Birma parlamentiga saylangan edi. Shundan beri tarafdorlari konstitutsiyaga tuzatish kiritish yo'llarini izlayapti, toki An San Su Chi kelasi yil prezidentlikka saylovlarda qatnasha olsin.
Birma bosh qomusiga ko'ra, xorij bilan yaqindan aloqa qiluvchi shaxslar prezidentlikka saylana olmaydi. An San Su Chining marhum turmush o'rtog'i va o'g'illari britaniyalik.
Shu bilan birga, bu arbob Birmaning musulmon aholisiga qarshi qabihliklar yuzasidan keskinroq fikr bildirmagani uchun tandiq qilinmoqda.
Prezident Obamaning aytishicha, odamga oilasi sababli saylovda nomzod sifatida qatnashishni man etish mantiqsiz.
"Fuqarolar vatanda, o'z uylarida bexatar yashay olishi va hukumatlar tomonidan tahqirlanmasligi g'oyat muhim. Odamlar orzu-istaklariga intilib yashay olishi kerak. Birmada kelasi yili prezidentlikka saylovlar yaqinlashar ekan, davlat kelajagini qurishda hamma birday qatnasha olishi zarur", - deydi Barak Obama.
Bir bir necha o'n yillik harbiy diktaturadan to'liq demokratiyaga o'tishi uchun hali ko'p ish qilinishi lozim, deydi prezident. Obama Birma qonunchilari bilan alohida gaplashdi. Shuningdek, Prezident Teyn Seyn bilan yuzma-yuz uchrashdi.
Amerika rahbarining safari 10 davlat a'zo Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari anjumani doirasida o'tayapti. Xalqaro tashkilot majlisiga Birma ilk bor mezbonlik qilishi.