AQSh rahbari Barak Obama, yillik an'anaga muvofiq, dunyo xalqlarini, xususan, eronliklarni Navro'z bayrami bilan tabrikladi.
Amerika prezidenti tabrik munosabati bilan Tehron bilan tuzilgan yadro bitimini ham tilga olib, kelishuv Eron xalqi uchun katta foyda bo'lishiga umid bildirdi.
"Eron hukumati bilan o'rtamizda katta tafovutlar bo'lishiga qaramay, bir necha o'n yil ichida ikki mamlakat o'rtasida tarixiy muzokaralarning boshlangani katta ahamiyatga ega", - dedi Obama.
Shuningdek, AQSh va Eron o'rtasidagi do'stlik mustahkamlanishini va davom etishini tilab qolaman, dedi AQSh rahbari.
Kelasi oy boshida Oq uyda Navro'z bayrami nishonlanishi rejalangan. Unga mahalliy faollar va xorijlik mehmonlar taklif qilinadi.
Ayni paytda AQShning O'zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen ham O'zbekiston xalqini Navro'z bayrami bilan qutlab, videotabrik e'lon qildi.
"Barchaga tinchlik, sog'lik-salomatlik va muvaffaqiyat tilab, ikki davlatimiz o'rtasidagi do'stlik rishtalari yanada mustahkam bo'lishini istab qolamiz", - dedi elchi o'z video murojaatida.