Missuri shtatidagi irqiy zo’ravonliklar Amerikaning birinchi qora tanli rahbari Barak Obama uchun o’ziga xos sinov, mashaqqatli masala. Bugungi zamonda bunday hollarga o’rin yo’q, deydi u, ommani tinchlanishga undar ekan.
Your browser doesn’t support HTML5
Lekin prezident chaqiriqlari to’polonni to’xtatgani yo’q. Sent-Luis shahrida politsiya kecha bir kishini o’qqa olgan va u sal o’tmay jarohatlardan vafot etgan. Norozilik o’zi 9-avgustda Ferguson shahrida qora tanli yigit oq tanli politsiyachi tomonidan o’ldirilganidan keyin avj olgan edi.
Amerikaning yuragi tug’yonda. Irqchilik hamon muammo bo’lib qo’lmoqda.
Rasman yozgi ta’tilda yurgan prezident Oq uyga qaytishga majbur bo’ldi. Adliya vaziri Erik Xolderga Missuri shtatiga borib, tergov ishlari qanday ketayotgani bilan yaqindan tanishishni buyurdi. 18 yoshli Maykl Braun nima sabab otib o’ldirilgani aniqlanishi kerak.
Prezident xalqdan sabr va toqat so’ramoqda.
“Ferguson shahri ahli motamda va adolat kutmoqda. Buni bilamiz. Sizga gapim shuki, muammo tubiga yetish uchun vaqt kerak. Baqir-chaqir bilan ish bitmaydi. Bir-birimizni do’pposlash bilan muammo yechilmaydi. Bu voqea hammamiz uchun sinov. Unga qanday javob berishda insoniy qadriyatlarimizga tayanishimiz kerak”,- deydi u.
Tibbiy ekspertiza natijalariga ko’ra, Maykl Braun bir necha yeridan o’q yegan, xususan boshining ikki joyidan.
Tergovni Federal qidiruv byurosi olib bormoqda. Uning xolisligini ta’minlashni shaxsan Erik Xolder o’z bo’yniga olgan. Jamoatchilik tinchlanishi uchun barcha zarur qadamlar tashlanadi, deydi u.
Obama uchun esa bu shaxsiy masala hamdir. 2012-yilda Florida shtatida qora tanli o’smir o’ldirilganida ham bu irqchilik deya talqin qilingan. Irqiy tenglik, diskriminatsiya va real hayot haqida prezident ko’p to’xtaladi.
“Do’konga kirganida zimdan kuzatilmagan, xatti-harakati shubha tug’dirmagan qora tanli erkakni topish qiyin. Ular aksariyat hollarda gumon ostida. Xususan men ham. Qora tanli erkak ko’chada yursa, odamlar mashinasini qulflaydi. Shaq etib qulflanganini eshitmay iloj yo’q. Senatga saylanishimdan oldin men o’zim buni boshdan kechirganman”.
Qora tanli aholi orasida bolalar o’limi hamon yuqori ko’rsatkichda, jinoiy javobgarlikka tortilish ko’lami ham keng. Afro-amerikaliklar hayoti bo’yicha tadqiqotchi Greg Karr tahlilicha, Qo’shma Shtatlarda irqiy munosabatlarda tub o’zgarishlar bo’ldi deya olmaymiz.
“To’g’ri, Oq uyda qora prezident o’tiribdi. Adliya vazirimiz Erik Xolder ham afro-amerikalik. Buni ko’rib, odamlar ilhomlanadi, ulkan o’zgarishlar bo’ldi va bo’layapti deb xulosa qilishi mumkin. Irqiy muammolar, illatlar barham topmoqda, deyishadi. Lekin tom ma’noda, irq hamon juda nozik masala. Tenglikni ta’minlash va tenglikka erishish uchun hali ko’p ishlar qilinmog’i lozim. Obamaning o’zi doim aytadiki, u qora tanli Amerika prezidenti emas, u Amerika Qo’shma Shtatlari prezidenti.’
Prezident irqiy ajratish u va uning rahbarlik davri bilan barham topmasligini tushunadi. Lekin, deydi ko’plab amerikaliklar, uning saylanishi irqchilikka qarshi tashlangan tarixiy qadam bo’ldi. Hatto eng irqchi odamlar ham qora prezidentga toqat qila oldi va ko’nikdi. Obamani tanqid qilayotganlar irqchilar degan qarashlar ko’p hollarda o’rinsiz, deydi jamiyatshunoslar. Amerikada prezident keskin tanqiddan qocha olmaydi, oqmi yo qora.
Your browser doesn’t support HTML5