Obama ma’muriyati terrorizmga qarshi yangi strategiyasini e’lon qildi. Xorijdagi serxajarat urushlardan voz kechib, asosiy diqqat ichki xavfsizlikka qaratiladi, deydi rasmiylar.
“Terrorga qarshi global urush” iborasi bundan buyon qo’llanmaydi. Kontr-terrorizm degan so'z ko'proq ishlatilmoqda.
Prezident Barak Obama chet davlatlarda xizmat qilayotgan harbiylardan minnatdor.
"Al-Qoida faoliyatiga kuchli zarba bergan - o’sha mard yigit-qizlarimiz. Lekin terroristlar hali ham faol, bosimni davom ettiramiz",- deydi prezident.
AQSh rahbari Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, kelasi yilning kuzigacha Afg’onistondan minglab zobitlarni vatanga qaytarish rejasida qat’iy ekanini aytdi.
Urushlar sekin-asta nihoyasiga yetadi. Prezidentning kontr-terrorizm bo’yicha maslahatchisi Jon Brennan Jons Xopkins Universitetida so’zlab, yangi strategiya mohiyatini tushuntirib berdi.
"Al-Qoida va unga aloqador guruhlar Amerikada odam yollab, o’z fuqarolarimiz qo’li bilan bizga qarshi xurujlar uyushtirishga harakat qilayotgani sir emas. Shu bois ichki xavfsizlikni ustuvor masala deb belgiladik",- deydi Brennan.
Rasmiy so’zlariga ko’plab misollar keltirish mumkin. O’tgan yilning may oyida pokistonlik Faysal Shahzod, Tolibon yordamida, Nyu-Yorkning “Tayms” maydonini portlatishga uringan.
2009 yilda esa Texasdagi harbiy bazada qatliom: safdoshlarini o’qqa tutgan musulmon ofitser Yamandagi jangarilar bilan aloqada bo’lgan.
Jon Brennan Eron yadro dasturini ham tilga oldi. Ammo asosiy e’tibor al-Qoida va unga yordamchi guruhlarni, Yaman, Pokiston, Somali va boshqa davlatlardagi manzillarini yo’q qilishga qaratiladi. Ittifoqchilardan yordam so’raladi:
"Qo’shma Shtatlar tahdid bilan yuzlashganida, chet mamlakatlarga katta sonli armiyani safarbar etish doim ham ish bermaydi. Maqsad muayyan guruhlarni nishonga olish",- deydi Brennan.
Shu yilning may oyida Osama bin Laden yo’q qilingani al-Qoidani yetakchisidan, mafkuraviy yo’lboshchisidan ayirdi. Guruh, deydi siyosatdonlar, Yaqin Sharqdagi g’alayonlarni ham chetdan kuzatib turgani seziladi.