AQSh rahbari Barak Obama bugun jurnalistlarga bayonot berib, Rossiyani ayirmachilarga bosim o'tkazishga chaqirdi. Ukrainada halokatga uchragan samolyot qoldiqlarini tekshirish uchun u yerga xalqaro tekshiruvchilar kiritilishi lozim va buning uchun Kreml o'z zimmasidagi ishni qilishi kerak, dedi AQSh prezidenti.
17-iyul kuni "Malayziya havo yo'llari"ga tegishli yo'lovchi samolyoti sharqiy Ukrainaning isyonchilar nazorati ostidagi hududga qulab tushgan edi. Uning rossiyaparast ayirmachilar tomonidan urib tushirilgani taxmin qilinmoqda.
Haqiqat to'liq aniqlanishi uchun halokat joyiga xalqaro ekspertlar guruhi kiritilishi kerak, dedi prezident Obama.
Ayni paytda bo'lginchilar hududni nazorat qilib, u yerga xalqaro tekshiruvchilarning kirishiga to'sqinlik qilayotgani ma'lum.
Obamaning aytishicha, isyonchilar halok bo'lganlarning jasadlarini o'zboshimchalik bilan yig'ib olmoqda va bu o'lganlarlarning yaqinlariga nisbatan hurmatsizlikdir.
AQSh davlat rahbarining ta'kidlashicha, isyonchilarni tartibga chaqirish va xalqaro tekshiruvning hech qanday to'siqsiz amalga oshirilishini ta'minlash uchun Rossiya javobgar.
Obamaga ko'ra, Ukraina inqirozini bartaraf etishning diplomatik yechimi hanuz mavjud. Buning uchun Putin hozirgi tutgan siyosatidan voz kechib, ayirmachilarni qo'llab-quvvatlashni to'xtatishi kerak, deydi u.