Har yili sentabr oyi oxirida dunyo rahbarlari Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yillik sammitida yig’ilib, minbarga chiqadi.
Amerika prezidenti Barak Obama jahon tinchligi haqida gapirar ekan, ekstremizmga qarshi kurash, Ukrainadagi jarayonlar hamda Afrikada ebola epidemiyasini tilga oldi.
Iroq va Suriyada begunoh insonlarni, bolalarni qirayotgan “Islomiy davlat” terror guruhini kuchdan qoldirish va yo’q qilish kerak, deya jahon hamjamiyatiga murojaat qildi.
Prezident Obamaning ta’kidlashicha, dunyo urush va tinchlik, tartibsizlik va integratsiya, qo’rquv va umid chorrahasida turibdi. Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi kurashga boshchilik qilayotgan bo’lsa-da, yakka o’zi ularni yenga olmaydi.
“Mazhabchilik va ekstremizmni rad etish pirovardida bir necha avlodning vazifasi. Yaqin Sharq ahli buni o’z zimmasiga olishi zarur. Tashqi kuchlar aholi ongini, qalbini o’zgartira olmaydi”, - deydi u.
AQSh rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotiga shunday bayonot bilan bordi: AQSh dunyoda yetakchi davlat bo’lib qoladi. Iroq va Suriyada amalga oshirilayotgan harbiy operatsiya bunga dalil. Xalqaro koalitsiyaga arab dunyosidan besh hukumat ham qo’shilgan.
Mintaqada urushlarni yakunlashga so’z bergan prezident havo kuchlarini yana safarbar etar ekan, o’tmishdagi xatolar bizga saboq bo’ldi, AQSh bundan buyon yondashuvini tubdan o’zgartiradi, dedi Obama.
“Amerika ittifoqchilariga quloq tutadi, hamjihatlikni ustun qo’yadi, istilochilarga monand xatti-harakatlardan voz kechadi. Lekin terrorchilar biror joyda in qo’ysa, qarab turmaymiz”, - deya ta’kidladi prezident.
Xalqaro jamoatchilikni hushyor torttirgan yana bir krizis bu – Afrikada va u yerdan boshqa davlatlarga ebola virusi tarqalayotganidir. Qit’a sharqiga harbiylarni yuborgan Obama sog’liqni saqlash tizimlarini isloh qilishga chaqirdi.
Ukraina masalasida... Barak Obama Rossiyani separatistlarni qurollantirishda davom etayotganlikda tanqid qildi. “Rus askarlari Ukrainada jang qilayotganini bilamiz. Vladimir Putin kuch bilan har narsaga erishsa bo’ladi, qabilida ish tutmoqda”, - deydi Amerika rahbari.
Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi Rossiya iqtisodiyotini siquvga olishga, turli sanoatlarni moliyadan ayirishga qaratilgan sanksiyalar joriy etgan. Lekin, deydi Obama, yaqinda imzolangan sulh bitimi ish beradi, degan umid bor. Ko’p narsa Moskvaning o’ziga bog’liq.
Prezident Vladimir Putin Bosh Assambleya majlisida qatnashmadi. Jahon Banki ta’biricha, Rossiyada kelasi ikki yilda iqtisodiy o’sish deyarli to’xtab qoladi.
Obama nazarida, jahonning uch qit’asida ro’y berayotgan mojarolarga xalqaro tartib-qoidalarning barbod bo’lishi, tinchlik va xavfsizlik uchun javobgar tuzilmalarning ishdan chiqqani ham sababchi.
Kechroq AQSh rahbari raisligida o’tgan Xavfsizlik Kengashi sessiyasida rezolyutsiya qabul qilindi. Unga binoan, barcha davlatlar o’z fuqarolarining terrorchi guruhlarga qo’shilish uchun xorijga safar qilishini bartaraf etishi shart. Ayni paytda AQShdan 100 nafar, Yevropa davlatlaridan 2000 fuqaro Suriyaga jo’nab, jihodchilar safiga qo’shilgani haqida ma’lumotlar bor.
Britaniya bosh vaziri, o’z navbatida, Suriya va Iroqda olib borilayotgan kampaniyaga qo’shilish qarorini ovozga qo’ymoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5