22 yil oldin Fors ko'rfazi urushi qatnashchisi Timoti Makvey va uning sherigi Terri Nikols Oklaxoma-Siti shahrini portlatib, terrorga qo'l urgan edi. Xurujda shahar markazidagi federal hukumat binosi jiddiy shikast ko'rgan; 168 odam o'lib, 680 kishi yaralangan. "Oxlaxoma-Siti" deb nomlangan hujjatli filmda kinoijodkor Barak Gudmen shu mavzuni o'rgandi.
Barak Gudmenning "Oklaxoma-Siti" hujjatli filmida Marra markazining portlatilishi misolida mahalliy terrorizm mavzusi tahlil qilingan.
"Bu tarixi uzoq masala. Respublika hukumatdan shubhalanish g'oyasi bilan bunyod etilgan", - deydi kinoijodkor.
Gudmenning aytishicha, ayirmachilarning ko'pi oq tanli irqchilar va ular cheklanmagan darajada qurol saqlash va o'zlarini boshqalardan hamda hukumatdan himoya qilish huquqiga ega bo'lishni xohlaydi. Filmda sobiq isyonkor Kerri Nobl shu haqda gapiradi.
"Hukumat odamlarning dushmani va bu urushda biz oq tanlilar yo yutamiz yoki yutqazamiz", - deydi u.
Hujjatli filmda ayirmachi mafkuralarni o'zida aks ettirgan ikki voqea tasvirlanadi: 1992-yil 21-avgustda sodir etilgan Rubi-Rij fojeasi hamda 1993-yil Texasning Vako shahrida yuz bergan ikki oylik to'qnashuv.
Mahalliy va federal hukumat vakillari noqonuniy qurollarni qidirish uchun kelganda o'rtada ixtilof chiqadi.
Ayniqsa, Vakodagi to'qnashuv fojeali bo'lgan. Bu yerda Deyvid Koresh boshchiligidagi Deyvid shoxobchasi nomli sekta o'rnashib olgan edi.
“David Koresh pick up the phone. Negotiators want to speak with you.”
Huquq-tartibot vakillari qamalni kuch bilan to'xtatishga uringanda, binoda yong'in chiqadi va 82 kishi, jumladan, Deyvid Koresh halok bo'ladi. O'lganlarning 62 nafari ayollar va bolalar edi.
Urush veterani Timoti Makvey qamalni tomosha uchun kelgan guvohlardan edi.
Filmga ko'ra, u bu voqealar hamda "Tyorner kundaligi" nomli kitob ta'sirida radikallashgan.
"Kitob ayirmachilikni targ'ib qiladi. Uning kulminatsiyasida Federal Qidiruv Byurosi binosi portlatiladi. Bunday bombani qanday yasash yo'li ko'rsatilgan. Makvey qo'llagan usul shunga juda yaqin", - deydi Gudmen.
"Makveyning ishi ko'pchilik uchun kutilmagan hol bo'lgan. Hozir bunchalik bo'lmasdi, balki. Ammo bunday narsalarning oldini olish juda qiyin. Filmdan biz va tomoshabinlar olgan va ajablangan bir xulosa shuki, bunday ishni qilish juda oson. Bir odam qaysidir kitobni o'qib, atigi 6000 dollar sarflab shu ishga qo'l urgan", - deydi ijodkor.
Gudmenga ko'ra, siyosiy tarqoq Amerika uchun bunday voqealarning takrorlanishi ehtimoli yuqori.
"Bunday guruhlarni kuzatib boruvchi markaz odamlari bilan gaplashsangiz, ular jiddiy ogohlantirish bilan, tahdid hanuz borligini, kuchayib borayotganini va eng yuqori nuqtada turganini aytishadi", - deydi u.
Gudmen film orqali bu tahdidga e'tibor oshishini hamda mahalliy terrorizm solayotgan xavf bo'yicha muhokama ko'payishini umid qilmoqda.