O'zbekistonni o'rgangan amerikalik olim Edvard Olvort olamdan o'tdi

  • Amerika Ovozi

Edvard Olvort (chapda) Markaziy Osiyoni o'rgangan yana bir tadqiqotchi, turkiyalik olim Temur Xo'ja bilan

Kolumbiya universitetining Turk-Sovet tadqiqotlari bo'limi professori, tarixchi olim Edvard Olvort 96 yoshida olamdan o'tdi. U sovet davrida Markaziy Osiyo xalqlarini birinchilardan bo'lib o'rgangan tadqiqotchi edi.

Olvort Afg'onistondagi sovetlar bosqini, qrim tatarlari, o'zbeklar, tojiklar va Buxoro yahudiylari haqida bir qator kitoblar yozgan.

Edvard Olvortning o'zbeklar tarixi haqida yozgan kitoblaridan biri

Olimning shogirdlaridan biri, turkiyalik o'zbek tadqiqotchisi Temur Xo'janing aytishicha, Edvard Olvort 1960 va 1990-yillar orasida faol akademik ish olib borgan va shu paytlar Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha AQShning eng bilimdon olimlaridan edi.

Umrining so'nggi kunlari xasta bo'lib kasalxonada yotgan edi, deydi u ijtimoiy tarmoqda yozgan xabarida.

Olvort 2-jahon urushida AQSh armiyasi tarkibida ofitser sifatida Normandiyani egallash amaliyotida qatnashgan. Urushdan keyingi yillarda faoliyatini ilmga bag'ishlab, Sovet davlatidagi ozchilik elatlar, xususan, Markaziy Osiyo xalqlari tarixini o'rgangan.