Orlandodagi hujumchining otasi afsusda

  • Amerika Ovozi

អ្នក​បង្វឹក​សត្វ​បក្សី​​បង្ហាត់​បក្សី​មួយ​ក្បាល​នៅ​ក្រុង Fouzins ប្រទេស​បារាំង។

Florida shtati, Orlando shahrida qatliom sodir etgan shaxsning otasi voqeadan nihoyatda afsusda. Siddiqiy Matin ro'za oyida farzandini bu mudhish jinoyatga nima boshlaganini bilmaydi.

"Uning qalbida shunchalik nafrat bo'lganidan xabarim yo'q edi", - deydi Matin.

Siddiqiy Matin Floridada yashaydi. Oila Umar tug'ilishidan bir necha yil oldin Afg'onistondan Amerikaga ko'chib kelgan.

Siddiqiy o'zini Afg'onistonning inqilobchi prezidenti deb e'lon qilgan. Internetdagi sahifasidan turib afg'on xalqiga murojaatlar yo'llab keladi.

U o'zining vazirlar mahkamasini tuzib, qaror va farmonlarini berishni kanda qilmaydi.

"Afg'onistonning inqilobchi xalqi, har biringiz Ashrafni (Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani), Atmarni (Muhammad Hanif Atmar, davlat xavfsizligi bo'yicha maslahatchi), Halilzodni (Zalmay Halilzod, Amerika sobiq elchisi) hibsga olishga, mamlakatni bu shaxslarning g'alamis niyatlaridan xalos etishga haqlisiz", - deyiladi Siddiqiy Matinning "Facebook"dagi murojaatlaridan birida.

Bu bayonot Umar Matin Orlandodagi gey-klubda kamida 50 kishini o'ldirishidan bir necha soat oldin internetga joylangan.

Video murojaatida Matin G'ani ma'muriyatini tanqid qiladi. Aksincha, o'zi tuzgan hukumat Afg'onistonni farovon qilishini, urush va korrupsiyani tugatishini ta'kidlaydi.

Siddiqiy Matin Amerika matbuotiga bergan intervyusida uning o'g'li qilgan hujum islomga aloqasi yo'q ekanini ta'kidladi. Bir necha oy oldin Mayamida ikki erkak o'pishayotganini ko'rib, Umarning jahli chiqqani esimda, deydi ota.

"Dinning aloqasi yo'q bunga. Voqeadan chuqur qayg'uda, afsusdamiz. Marhumlarning oilalariga hamdardmiz. Niyatidan xabarimiz yo'q edi", - deydi u.

Afg'oniston rahbari G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla xurujni qoralamoqda. Begunoh insonlarni o'ldirishni hech nima bilan asoslab bo'lmaydi, deydi Prezident G'ani.

Terrorizm va terrorchilar insonlarning dushmanidir va biror din, e'tiqod, elat yoxud irqni o'zida namoyon etmaydi, deydi Abdulla.