AQSh huquq-tartibot organlari Orlandodagi qatliomni o’rganar ekan, “Islomiy davlat” terror guruhi tarafdorlari bu hodisa uchun mas’uliyatni o'z bo’yiniga oldi.
“Islomiy davlat” targ’ibot organi hisoblangan "Amaq" axborot agentligi arab va ingliz tillarida bayonot chiqardi.
Ingliz tilidagi bayonotga ko'ra, tungi klubga hujumni “Islomiy davlat” jangchisi amalga oshirdi va 100 dan ziyod gomoseksual odam o’ldirilgan, deya iddao qilinadi.
Ekspertlar nazarida bu bayonotlarga qarab xulosa qilishga shoshmaslik zarur.
12-iyun kuni Forida shtatining Orlando shahridagi gey-klubda, rasmiylarning bildirishicha, 29 yashar Umar Siddiqiy Matin o't ochib, 50 odamni o’ldirgan, 53 odam jarohat olgan. Matin politsiya o'qidan jon bergan.
AQSh Prezidenti Barak Obama Orlandodagi klubda halok bo’lganlar oila a’zolari va do’stlariga ta'ziya bildirdi. Prezident etib saylanganidan buyon bu uning 15-marta ommaviy otishmadan keyin Amerika xalqiga murojaat qilishi.
Qatliom Amerika tarixidagi eng talafotli otishma, dedi AQSh rahbari.
Federal qidiruv byurosi (FBR) rahbari Jeyms Komi unga fojea yuzasidan hisobot bergan.
“Tergov ishi endi boshlangan bo’lsa-da, bu jinoyat terror akti va nafrat ifodasi bo’lgani ayon”, - dedi Obama.
“Hech qanday terror akti bizni o’zgartira olmaydi, ammo har bir amerikalikka qilingan hujum barchamizga qilingan hujum bilan baravarligini yodimizga soladi”, - dedi AQSh rahbari.
Bugun Vashingtonda jurnalistlar Afg’onistonning sobiq Prezidenti Hamid Karzayga fojea yuzasidan murojaat qilishga muvaffaq bo’ldi.
Orlandodagi hujumchi AQSh fuqarosi, kelib chiqishi afg’onistonlik.
“Hayratdaman, qayg’udaman. Dahshatli fojea. Afg’on sifatida men Amerika xalqini yaxshi tushunaman va ularga ta'ziya izhor etaman. Biz, afg’onistonliklar, uzoq vaqtdan buyon bunday otishma va qotilliklardan aziyat chekib kelamiz”, - dedi Karzay.
Shu kabi voqealar islom va musulmonlar, xususan afg’onlar haqidagi fikrni salbiy tarafga o’zgartiradimi?
“Buning islomga aloqasi yo’q, hech qaysi bir xalqqa ham aloqasi yo’q",- deydi Karzay. "U kishi Amerikada tug’ilgan, Amerikada katta bo’lgan, Amerikada ishlab, ta’lim olgan. U qaysi dinga mansubligi, dinga ishongan yoki ishonmagani, qanday odamlar, fikr va mafkuralar unga ta’sir ko’rsatganini bilmaymiz. Uning jinoyatni qanday amalga oshirganini AQSh rasmiylari o’rganishi kerak”.
Karzay, shuningdek, Fransiya va AQShda ilgari sodir etilgan otishmalarni tilga olib, ularni hech qanday dinga aloqasi bo’lmagan alohida shaxslar amalga oshirgan, dedi.
“Yodingizda bo’lsa, 2011 yoki 2012-yilda Afg’onistondagi bir qishloqda tunda amerikalik askar 15 afg’onni otib o’dirgan edi. Biz o’shanda amerikaliklarni ayblamadik. Faqat o’sha odamni aybdor deb topdik va u AQShda jazolandi. Demak, gap millatlar va dinlarda emas, alohida odamlar va ularning sheriklarida”, - dedi Karzay.