Yevropa tashkiloti: Bo’lajak rahbarlarni murakkab vazifalar kutmoqda

Yevropa tashkiloti: Bo’lajak rahbarlarni murakkab vazifalar kutmoqda

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg’izistonda erkin va adolatli saylovlarga chaqirmoqda.

“Muvaqqat hukumat va siyosiy partiyalar xalq irodasi to’la ro’yobga chiqishini ta’minlashi kerak, ayniqsa saylovdan keyingi davrda ulardan buyuk mas’uliyat va zakovat talab qilinadi”, - deydi Kanat Saudabayev, Yevropa tashkilotining amaldagi raisi.

“Yangi hukumat oldida turgan birinchi vazifa bu qayta qurish ishlarini jadallashtirish. Nafaqat janubda, balki butun mamlakat siyosiy tizimini yangilash, elatlar-aro tinchlik va totuvlikni ta’minlashga e’tibor qaratish zarur”, - deydi Qozog’iston tashqi ishlar vaziri.

Qirg’izistondagi vaziyat Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining 1-2 dekabr kunlari Astanada o’tadigan majlisida muhokama qilinadi.

Kun tartibidagi boshqa mavzular – Yevrosiyoda xavfsizlik, inson huquqlari, diskriminatsiya va Afg’onistondan kelayotgan tahdidlarni bartaraf etishga doir hamkorlikdir.

Tashkilotga a’zo davlatlar parlament assambleyasi yig’ilishida so’zlagan Kanat Saudabayev, Qirg’iziston bo’lajak rahbarlarini murakkab vazifalar kutayotganini eslatgan.