Bugun Shveysariyaning Davos shahrida yillik iqtisodiy forum onlayn shaklda boshlanarkan, xayriya bilan shug’ullanuvchi “Oksfam Interneshnl” tashkiloti hisobot chiqarib, koronavirus pandemiyasi boylarning yanada boyishiga, kambag’allarning esa qashshoqlashishiga olib kelganini xulosa qildi. Tashkilot bunday tengsizlikka barham berishga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Tengsizlik virusi” deb nomlangan hisobotga ko’ra, tengsizlik pandemiya paytida deyarli har bir mamlakatda kuchaygan. Masalan, 10 ta milliarder pandemiyada jami yarim trillion dollarlik foyda ko’rgan. Bu pulga butun dunyoni koronavirusdan emlashga yetarli vaksina sotib olsa bo’ladi. Bu bilan odamlarning qashshoqlikka yuz tutishiga barham berish mumkin”, - deydi “Oksfam Interneshnl” ijrochi direktori Gabriela Bucher.
Pandemiyadan, asosan, ayollar va rahbar nazaridan qolgan ishchilar eng qattiq zarar ko’rgani aytiladi. Jahon banki bashoratiga ko’ra, dunyo bo’ylab 100 milliondan ortiq odam o’ta qashshoqlashishi mumkin. “Oksfam” hisobotida aytilishicha, qashshoqlashgan odamlar sonini pandemiyadan oldingi holatga tushirish uchun 10 yildan ortiq vaqt ketishi mumkin.
“Dunyodagi mingta milliarder pandemiyadan ko’rilgan zararni qimmatbaho qog’ozlar bozoridagi daromadi hisobiga 9 oyda qoplashga muvaffaq bo’ldi”, - deydi Bucher.
Barcha milliarderlarning boyligi ushbu 9 oyda 3,9 trillion dollarga o’sib, bugunda jami salkam 12 trillion dollarni tashkil etmoqda.
“Amazon” rahbari Jeff Bezos, “Tesla” asoschisi Ilon Mask, “Facebook” bashqaruvchisi Mark Sukerberg, “Maykrosoft” boshlig’i Bill Geyts shular jumlasidan.
“Oksfam Interneshnl” tashkiloti iqtisodiy tengsizlikka barham berish maqsadida boylar va yirik korporatsiyalarga soliqlarni oshirishga chaqirmoqda.
32 ta global korporatsiyaning qo’shimcha daromadiga solingan vaqtincha soliq hisobiga 2020-yilda 104 milliard dollar ko’tarish mumkin edi, deyiladi tashkilot hisobotida.