Pokiston qo'shnilar bilan munosabatlarni yaxshilamoqchi

  • Amerika Ovozi

Pakistan, Afghanistan map

Pokiston yangi hukumati AQSh, Hindiston va Afg’oniston bilan tarang munosabatlarni yaxshilashga intilmoqda. Islomobod Vashington bilan xavfsizlik bobida yuqori darajali muloqotni davom ettirishga kelishdi. So’ng Dehlidan Afg’onistonga ko’proq sarmoya kiritishni so’radi.

Pokiston doim Afg’onistonda hind diplomatiyasi va sarmoyalariga to’g’anoq bo’layotganlikda hamda Dehlining bu davlatdagi siyosatini cheklashga urinayotganlikda ayblab kelingan. Hind rasmiylari o’z tuprog’idagi jangari hujumlari qo’shni mamlakatda rejalangan deya da’vo qilib keladi.

Biroq Pokiston tashqi ishlar vaziri Sartoj Azizning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Islomobod Afg’oniston barqarorligi tarafdori va shu sabab Hindistonning bu mamlakatda faol bo’lishini istaydi.

"Dehlining Kobulga o’tmishdagi yordami Afg’oniston infratuzilmasini oyoqqa turg’azishda yordam berdi va bundan keyin ham bu ko’magini darig’ tutmaydi degan umiddamiz", - dedi vazir Aziz.

Pokiston mulozimlaridan bu kabi bayonotlarni eshitish kam uchraydigan hol. Shuning uchun Hindiston va Afg’oniston Islomobodning niyati samimiy ekaniga ishonchsizlik bilan qaraydi.

Sartoj Azizning aytishicha, Pokiston Afg’onistonning yuksalishini istaydi, mintaqa davlatlari bu maqsad yo’lida hamkorlik qilishi kerak.

Unga ko’ra, Pokiston va AQSh Afg’onistondagi tinchlik jarayoni tashqi aralashuvdan xoli bo’lishi va unga afg’onlarning o’zi bosh bo’lishi kerakligiga kelishib olgan.

"Muhimi afg’on guruhlari – Oliy tinchlik kengashi bo’ladimi, Tolibon bo’ladimi yo boshqa – bir-biri bilan muloqotda bo’lishi lozim. Ularning qayerda uchrashishi ahamiyatsiz. Umid qilamizki, tinchlik jarayoni davom etadi, biroq kelasi yil aprelida Afg’onistonda prezident saylovlari bo’lishini hisobga oladigan bo’lsak, ba’zi muammolarning uchrashi yoki jarayonning vaqtincha to’xtab qolishi tabiiy hol. Tolibon bilan so’nggi bir necha haftada aloqa o’rnatildi, umidimiz shuki, bu borada olg’a siljish bo’ladi", - deydi Pokiston tashqi ishlar vaziri Sartoj Aziz.

Tolibon iyun oyida Qatar poytaxti Doxada idorasini ochgandan so’ng hukumat bilan tinchlik muzokaralari yo’lga qo’yilganday tuyuldi, biroq Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay toliblar vakolatxonasida mamlakatning eski nomi va bayrog’i ishlatilayotganidan xabar topgach, Karzay Qo’shma Shtatlarni Tolibonni tan olganlikda ayblab, jarayon to’xtab qoldi.

Vazir Sartoj Aziz fikricha, toliblar Hamid Karzay va uning yetakchiligida konstitutsiyaga kiritilgan ba’zi tuzatishlarni tan olishdan bosh tortyapti. Barcha tomonlar murosa qilishga tayyor ekanini ko’rsatishi kerak, deydi Pokiston rasmiysi.

"Tolibon amaldagi hukumatga xorijiy davlatlar vakolat bergan, konstitutsiya chetda tayyorlangan, deb keladi. Biroq aksariyati muzokara boshlanganidan so’ng zarur o’zgartirishlar kirita olishini yaxshi tushunadi. Shu sababdan jangari guruhlarning ayrimlari muzokara qilishni istaydi, boshqalari esa undan foyda bo’lishiga ishonmaydi", - deydi Aziz.

Pokiston vazirining aytishicha, prezident Karzay shu oy Islomobodga borganda tinchlik jarayonini jonlantirishda yordam berish maqsadida Pokiston uning muzokara va murosaga qanchalik tayyor ekanini o’rganadi.

Shu hafta Afg’oniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Pokistonning afg’on tinchlik jarayonidagi muhim rolini tan olib, Islomoboddan Tolibon rahbarlari bilan bevosita muloqot o’rnatishda yordam so’ragan. Jumladan Pokiston qamoqxonalarida saqlanayotgan jangari yetakchilari bilan.

Jarayonda Afg’oniston hukumati manfaatlarini himoya qiluvchi Oliy tinchlik kengashi a’zosi Muhammad Ismoil Qosimyorning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Pokiston ko’magi bilan muzokaralarni jonlantirsa bo’ladi. Qosimyor jangarilarni kelasi yil aprelga belgilangan saylovlarda ishtirok etishga chaqirdi.

"Vaqt oz qolyapti. Ammo maqsadimizdan qaytmaymiz. Tinchlik tomon olg’a qadam qo’ymoqdamiz. Saylov demokratik jarayonga qo’shilishni, o’z nomzodlarini prezidentlikka ko’rsatishni istagan barcha raqiblarimiz uchun yaxshi tarixiy imkoniyat. Agar ulardan nomzod qonun doirasida eng ko’p ovoz olsa, hamma buni tan olishga majbur bo’ladi, deb o’ylayman", - deydi Qosimyor.

Seshanba kuni Afg’onistondagi Tolibon rahbari Mulla Umar saylovda qatnashish ehtimolini rad etib, bo’lajak poygani vaqtni behuda sarflash, deb atadi. Jangarilar, shuningdek, Doxadagi vakolatxonasida ishlatilayotgan mamlakatning eski nomi va bayrog’idan voz kechmoqchi emasligini bildirib, afg’on tinchlik jarayonini yangilash ehtimolini shubha ostiga qo’ydi.