Pokiston: soxta diplomlar haqidagi ishga yirik media-kompaniya aralashgan

  • Amerika Ovozi

Internet orqali soxta diplomlar sotilgani haqidagi shov-shuvli ish Pokistonni chetlab o’tmadi. Bu mamlakatning yangi ta’sis etilgan media biznesi kuchli zarba yegan ko’rinadi.

“Axact” - Pokistonning eng yirik kompyuter programmalari ishlab chiqadigan kompaniyasi. AQShning nufuzli “New York Times” gazetasi muxbirlari olib borgan taftishga ko’ra, bu kompaniya AQShdan Yaqin Sharqqacha – qator mamlakatlarda yashovchi odamlarga soxta diplomlar sotib, millionlab dollar foyda qilgan.

“New York Times” 370 dan ziyod vebsaytni tahlil qilib chiqqan. Ular orasida o’quv yurtlari, soxta akkreditatsiya firmalari, chet tillarini o’rganish maktablari va advokatlik shirkati ham bor. Ularning bari “Axact” kompaniyasiga aloqadorligi aniqlangan.

Shu hafta boshida Karachida politsiya “Axact” kompaniyasi binosida tintuv o’tkazib, hali to’ldirilmagan diplomlar topgan.

Pokiston Federal qidiruv agentligiga ko’ra, topilgan dalillar natijasida “Axact” mijozlarining katta qismi amerikaliklar ekani ayon bo’lgan. Bu haqda AQShning Islomoboddagi elchixonasiga xabar berilgan.

Agentlik bu ishda AQShlik hamkasblari hamda Interpol bilan hamkorlik qilmoqchi.

Amerikadagi qator universitetlar ham bu ishga qo’l urgan, deydi Islomobod rasmiylari.

AQShning Pokistondagi elchixonasi bu davlat rasmiylari bilan aloqada ekanini aytadi, biroq batafsil ma’lumot bermayapti.

“Axact” kompaniyasi boshlig’i Shoayb Ahmad Shayx va boshqa rahbarlar firibgarlik va pul yuvish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Ma’lumotlarga ko’ra, o’zini Pokistonning Bill Geytsi deb korgan va sog’liqni saqlash, adliya va ta’lim sohalarida faoliyat yuritish niyatida bo’lgan Ahmad Shayx “Bol” nomli media imperiyaga ham asos solmoqchi bo’lgan. Televideniye, urdu va ingliz tillarida chiqadigan gazeta, FM radiostansiyasi va tadbirlar o’tkazish uchun konferensiya zalini ochish rejalashtirilgan edi.

Media kompaniya uchun kim mablag’ ajratgani aniq emas. Ammo Ahmad Shayxning o’zi “New York Times” gazetasini raqibni yo’q qilish maqsadida noto’g’ri ma’lumot berganlikda aybladi.

Gazetani chiqaradigan “International New York Times” “Axact” raqibi “Express” kompaniyasi manfaatlarini ko’zlagan holda uni qora bo’yoqlarga bo’yagan, deydi Ahmad Shayx kompaniya vebsayti orqali.

Hozirda u hibsda saqlanmoqda. Tergov ishi davom etmoqda.