Bin Ladenni topishda yordam bergan shifokor Pokistonda 33 yilga qamaldi

  • Amerika Ovozi

Abbotobod shahrida Osama bin Laden turgan uy, 2011-yil mayida tushirilgan surat.

Pokistonda al-Qoida rahbari Osama bin Ladenni topishda yordam bergan mahalliy shifokor davlatga xiyonatda aybdor deb topilib, 33 yilga qamaldi. Shakil Afridi Abbotobod shahrida soxta emlash kampaniyasini yuritib, bin Laden va oilasining shaharda bor-yo'qligini aniqlamoqchi bo'lgan. Doktor AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasiga ishlaganlikda aybdor topildi.

Bin Laden o'tgan yil 2-mayida aynan Abbotobodda AQSh maxsus kuchlari tomonidan o'ldirilgan. Xaybar tuman sudi Shakil Afridiga 3500 dollar jarima ham solgan.

Qo'shma Shtatlar shifokorning hibsga olinganini xato deb, rasmiy Islomoboddan uni ozod etishni so'ragan. AQSh Kongressi Vakillar palatasining razvedka qo'mitasi a'zosi Dach Ruppersbergerning aytishicha, Afridi hibsga olinishdan oldin mamlakatdan chiqib ketishi mumkin edi, biroq bunday qilmadi.

"U vatanparvar inson", - deydi kongressmen. "Afridi terrorizmga qarshi kurashda Pokistonga yordam beryapti deb o'ylagan".

Pentagon so'zlovchisi Jorj Littlning aytishicha, bin Ladenga qarshi ish tutgan hech bir inson Pokistonga qarshi emas, u al-Qoidaga qarshi.

Bugun, shuningdek, Shimoliy Vaziristonda AQSh havo hujumida to'rt jangari yo'q qilingan.