Saudiya Arabistoni va Pokiston 20 milliard dollarlik bitimlar imzoladi

  • Amerika Ovozi

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Pokistonga safari chog'ida 20 milliard dollarlik sarmoya kelishuvlari imzolangan. Saudiya qamoqxonalarida o'tirgan 2100 pokistonlik afv etiladi. Uchrashuvlar yakunida Salmonga Pokistonning oliy unvoni topshirildi.

Bin Salmon 2017-yil valiahd shahzoda etib tayinlangandan buyon ilk bor Janubiy Osiyo davlatlari va Xitoy bo'ylab safarda. Vazirlar, qirol oila a'zolari va tadbirkorlar bilan borgan shahzodani Pokiston Bosh vaziri Imron Xon kutib oldi.

Ikki davlat energetika, kimyo va konchilik sanoatlarida yettita yirik kelishuv imzolagan. Kelasi 3-5 yil ichida Gvadar shahrida 10 milliard dollarlik neftni qayta ishlash zavodi quriladi. Ushbu loyiha Pokistonning neft mahsulotlariga bo'lgan ehtiyojini qondiradi, qo'shni davlatlarga eskport qilinishi ham mumkin, deydi rasmiylar.

"Bu birinchi bosqich. Tijoriy aloqalarimiz har oy, har yil kengayib boraveradi va har ikki davlat bundan foyda ko'radi", - deydi Muhammad bin Salmon.

Pokiston Bosh vaziri Imron Xon shahzodani shaxsan o'zi kutib olib, saroyga olib borgan.

Iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan Pokiston uchun Saudiya sarmoyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni damda hukumat Xalqaro valyuta fondidan ham kredit olish borasida muzokara olib borayapti.

Pokiston qirollik bilan siyosiy, madaniy, iqtisodiy va harbiy sohalarda yaqin aloqaga ega. Saudiyada 2,5 million pokistonlik mehnat qiladi. Islomod neft mahsulotlarini ham, asosan, kechiktirilgan to'lovlar asosida qirollikdan xarid qiladi.

Muzokaralarda viza qoidalarini buzish va mamlakatga noqonuniy kirish aybi bilan Saudiya qamoqxonalarida o'tirgan 3 ming pokistonlik taqdiri ham muhokama qilingan. Shahzoda Salmon ularning 2 mingdan oshig'ini afv etishga buyruq berdi.

​2018-yilning oktabrida, jurnalist Jamol Qoshiqchining o'limidan bir necha hafta o'tmay, Saudiya Arabistoni xalqaro biznes anjumanga mezbonlik qilgan edi. Dissident jurnalistning Turkiyadagi Saudiya Arabistoni konsulligida g'oyib bo'lishi keng miqyosda qoralangan bir paytda Pokiston Bosh vaziri Imron Xon konferensiyada qatnashgan xorijiy rahbarlardan biri edi. Ko'plab boshqa mehmonlar konferensiyani boykot qilgan.