Falastin ma’murlari davlatchilik masalasini BMT hukmiga havola etish ahdida qat’iy.
Prezident Mahmud Abbos kecha Nyu-Yorkda AQSh rahbari Barak Obama bilan muloqotda “bu yo’ldan qaytmaymiz” deb ta’kidladi.
BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosidan biri - Qo’shma Shtatlar bu boradagi rezolyutsiyaga veto qo’yadi.
Barak Obama kecha BMTda qilgan nutqida Yaqin Sharq masalasiga alohida to’xtaldi. Uning aytishicha, Falastin o’z suveren davlatiga ega bo’lishga haqli, lekin rezolyutsiya va bayonotlar bilan tinchlikka erishib bo’lmaydi.
“Isroil-Falastin mojarosining yechimi bu ikki tomon yetakchilarining qo’lida. Chegara, xavfsizlik, qochqinlar va Quddus maqomi bo’yicha murosa qiling”, - deydi AQSh prezidenti.
Oq uyning bildirishicha, Falastin davlatchiligi bo’yicha rezolyutsiya BMT Xavfsizlik Kengashida ovozdan o’tmasligi aniq. Isroil AQSh tutgan pozitsiyani olqishlamoqda.
Bosh vazir Benyamin Netanyaxu Obamaning Falastin tashabbusiga qarshi chiqib, muzokara yo’lini tanlayotganini yuksak hurmatga sazovor deb hisoblaydi. Nyu-Yorkda yuzma-yuz uchrashuvda Netanyaxu ittifoqchisiga minnatdorchilik bildirdi.
O’z navbatida, Falastin qo’yayotgan talabni Arab Ligasi, Turkiya, Janubiy Afrika va yuzlab boshqa davlatlar asosli deb biladi.
“Biz xalqaro hamjamiyatdan yordam so’rab BMTga keldik. Qandaydir jinoiy guruh yoki al-Qoidaga qo’shilish uchun emas, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lish uchun ariza topshiryapmiz”, - deydi Falastin prezidenti maslahatchisi Nabil Shaat.
BMT Bosh Assambleyasi yig’ilishida Obamadan keyin Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi so’zga chiqib, Falastinga kuzatuvchi maqomi berilishini so’radi. Shu bilan birga, Isroil bilan muzokaralar aniq jadval asosida davom etishi kerak, deydi u.
Qo’shma Shtatlar Xavfsizlik Kengashida veto huquqini ishga solsa, siyosatdonlar nazarida, arab dunyosi bilan aloqalarga zarba bo’lishi tayin.
AQShning BMTdagi elchisi Jon Bolton bu fikrlarga qo’shilmaydi.
“Amerikaning pozitsiyasi musulmon ahliga oydek ravshan. Qaror ularga yoqmasligi mumkin, lekin buning hech taajjubli joyi yo’q”, - deydi sobiq elchi.
Ammo aksar tahlilchilar, jumladan, ingliz diplomati Karn Ross fikricha, Qo’shma Shtatlar o’ta qiyin bir ahvolda qolgan.
“Diplomatik mojaro shuni namoyish etadiki, Amerika teng huquqli ikki davlat va adolatli yechim haqida qanchalik bong urmasin, yahudiy davlatiga bosim o’tkazishga tayyor emas”, - deydi Karn Ross.
Regionda ko’pchilik Vashingtonni ikki yuzlama siyosatda ayblashi sir emas.
“Har bir xalq o’z kelajagini o’zi belgilaydi, degan shiorni ko’p eshitamiz Amerika rasmiylaridan. Lekin Falastin, negadir, mustasno”, - deya mulohaza yuritadi Yaqin Sharq bo’yicha ekspert Daniel Levi.
Nega degan savolga javob shuki, Obamaning qarorlarini ichki siyosat belgilaydi. Kongressda Isroilning lobbisi kuchli, tarafdorlari ko’p. Prezident ikki o’t orasida.
Falastin rezolyutsiyasiga veto qo’ysa, arab dunyosida Amerikaga qarshi kayfiyat avj oladi. Lekin yo’l bersa, kelasi yilgi saylovga mag’lub bo’lishi turgan gap, deya tushuntiradi mutaxassislar.