Tursunzoda shahrida CASA-1000 elektr loyihasining qurilishi boshlandi

  • Amerika Ovozi

Qirg'iziston Bosh vaziri Sooronbay Jeyenbekov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif va Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla Tursunzoda shahrida, 12-may, 2016-yil

Tojikistonning Tursunzoda shahrida CASA-1000 loyihasi doirasida elektr tarmog'i qurilishi boshlandi. Qurilishga start bergan marosimda Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston va Pokiston rahbarlari qatnashdi.

Qiymati bir milliard dollarga teng mintaqaviy loyiha bu mamlakatlarni elektr quvvati bilan ta'minlashga qaratilgan.

Yuqori voltli elektr liniyasining uzunligi 750 kilometr bo'lib, elektr quvvati Tojikiston va Qirg'izistonda ishlab chiqariladi, so'ng qolgan ikki mamlakatga uzatiladi. Yoz oylarida ortiqcha 1000 megavatt elektr quvvatini Pokistonga, 300 megavattini esa Afg'onistonga uzatish imkoni bo'ladi.

Stansiya 2018-yilda ishga tushishi ko'zda tutilgan. Loyihaning birinchi bosqichida Qirg'iziston va Tojikiston energosistemalari bir-biriga ulanadi, so'ng Tojikistondan Afg'oniston orqali Pokistonning Peshovar shahrigacha tok uzatuvchi yuqori voltli elektr stansiyasi bunyod etiladi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning marosimda aytishicha, loyiha mintaqada hamkorlikni oshiradi.

"Bu amaliy hamkorligimizning ramzidir va katta tarixiy ahamiyatga ega", - dedi Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon.

Stansiya qurilishiga Tojikiston 314 million dollar, Qirg'iziston 233 million dollar, Afg'oniston 354 million dollar va Pokiston 209 million dollar sarflashi kutilmoqda. Afg'oniston elektr toki tranziti uchun 45 million dollar ishlab oladi.

Your browser doesn’t support HTML5

CASA-1000 elektr loyihasi qurila boshladi