Qo'shma Shtatlar 2019-yilda elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko'chiradi. Yaqin Sharq bo'ylab safar qilayotgan Vitse-Prezident Mayk Pens Isroil parlamentida bu haqda bayon qildi.
"Quddus - Isroil poytaxti. Prezident Donald Tramp elchixonani u yerga ko'chirish uchun tayyorgarlik ishlarini boshlashga ko'rsatma berdi", - deydi Pens.
O'tgan yili AQSh Quddusni Isroil poytaxti deb tan olgani musulmon dunyosida kuchli norozilik uyg'otgan. Davlat kotibi Reks Tillerson elchixonani ko'chirishga bir necha yil vaqt ketishini aytgan edi.
Tramp qarorini "tarixiy" deya olqishlagan Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuga ko'ra, AQSh-Isroil aloqalari hech bir zamon bu darajada kuchli bo'lmagan.
Falastin esa Vashingtonni tinchlik muzokaralarida bundan buyon vositachi deb hisoblamaydi. Isroil parlamentining arab a'zolari AQSh vitse-prezidentining nutqini boykot qilgan.
Mayk Pens Isroildan oldin Iordaniyada to'xtab o'tdi. Qirol Abdulla u bilan muloqotda Quddus qarori yuzasidan xavotir bildirib, AQShni "ishonchni tiklashga" undagan. Uning so'zlariga ko'ra, Isroil-Falastin mojarosi faqatgina ikki mustaqil davlat barpo etish bilan yechiladi hamda Sharqiy Quddus Falastin poytaxti bo'lishi kerak.
Mayk Pens uchrashuvdan keyin jurnalistlarga shunday dedi:
"Do'stlar ham ba'zida bir-biri bilan kelisha olmaydi, Quddus masalasida o'z fikrimizda qolamiz. Tomonlar muzokarani davom ettirishi darkor, uni qayta boshlashga tayyormiz".
AQSh vitse-prezidenti Misrda ham bo'lib, bu o'lkaga terrorizmga qarshi kurashda yordamni davom ettirishini ta'kidladi.