Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Filadelfiya ko'chalarida
Shaharni kezib, “Amerika Manzaralari” ko’rsatuvini suratga olar ekanmiz, atrofimizdan odamlar arimaydi. Kameraga qarab qaysi tilda gapirayapsiz deb yonimga kelayotganlar, bizni o’zi xohlamagan holda ishdan to’xtatayotganlar ko’p.
Albatta, ular bilan gaplashamiz, bu dastur kimga mo’ljallangani, muxlislar va ular yashaydigan davlatlar haqida gapirib beramiz.
O’zbekiston yoki Qirg’iziston degan davlatlar haqida eshitganmisiz deb so’rasangiz, biz bilan so’zlashgan amerikaliklarning aksariyati tushimga ham kirmagan qabilida javob beradi. Markaziy Osiyo desangiz, umuman bilmaydi.
Yaqinda Baltimor shahriga safar qilganimizda ham shu kabi javoblarni eshitgan edik.
Amerika dunyoning eng qudratli davlati, global maydondagi har bir muammo yoki masalada qo’li bor, ammo bu yurt o’z yog’ida qovurilib yashaydi. Hayot tez, har bir daqiqa pul. Aridek tinim bilmaydigan amerikaliklarni bir necha daqiqaga to’xtatib, gapga solsangiz, ancha qiziquvchan, o’ziga yarasha sodda bir xalq.
Filadelfiya – ko’p jihatdan qora tanlilar shahri. Chikago, Atlanta va Baltimor singari sanoat markazi bo’lgani uchun qullikdan qo’yib yuborilgan insonlar yangi hayot izlab shu yerga kelgan. Ularning bugungi avlodlari o’sha tarixni qadrlaydi.
Filadelfiya ota-bobolarim uchun non shahri bo’lgan, deydi biz bilan gaplashgan bir afro-amerikalik.
Filadelfiya so’zi grekchadan olingan bo’lib, birodarona mehr-muhabbat degani.
“Bu yerda odamlar bir-biriga ancha mehribon… Lekin tirikchilik bir kun yaxshi, bir kun yomon. Men o’zim doimo shu yerda yashashni xohlaganman. Hozir ishsizman, lekin ishlarim yurishib ketadi degan umiddaman. Umidni boy berish, xudodan yuz o’girish bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.
O’zbekiston qayerda ekani haqida bu kishiga ham aytib beraman. U meni Braziliyadan deb o’ylabdi. Ko’rinishingizdan lotin amerikalik ayollarga o’xshaysiz, deydi u. Amerikada deyarli har kuni shunday o’xshatishlarni eshitaman, o’rganib ketadi odam. O’xsharman, lekin asl vatanim O’zbekiston, deyman. Uning qayerda ekani esida qolishi uchun bu amerikalikka ham geografiyadan ozgina saboq berishga to’g’ri keladi. O’zbekiston Afg’onistonga qo’shni, deyman.
“Voy, qanday tahlikali mintaqadan ekansan-a”, - deya ajablanadi bu amerikalik. “Men dunyoning u tomonlari haqida o’ylaganimda sizdek odamlarni tasavvur qilmayman”.
Tashqi dunyo haqida deyarli hech narsa bilmaydigan odamning bu javobidan hayron emasman.
Lekin suhbatdoshimiz Benjamin Franklin haykali tagida o’tirgani meni o’yga soladi. Franklin - AQSh davlati asoschilaridan biri. U jahongashta, global fikrlaydigan kuchli siyosatdon, muhandis, ixtirochi, o’z davrining dahosi bo’lgan. Franklin Filadelfiya shahar sifatida shakllansin va Amerika farovon va adolat hukmron jamiyat bo’lsin deya butun hayotini yurti taraqqiyotiga bag’ishlagan.
Filadelfiyada boylar ham, kambag’allar ham ko’p. Shahar iqtisodiyoti hajm jihatdan O’zbekistonnikidan deyarli yetti baravar, Qirg’izistonnikidan 60 baravar katta. Bu shaharda yalpi ichki mahsulot o’tgan yili 388 milliard dollarni tashkil etgan. Olti millionga yaqin odamning tirikchiligi Filadelfiya bilan bog’liq.
Bir joyda muqim mehnat qilib, oila boqish, barqaror hayot kechirish oson emas bu yerda, deydi biz bilan muloqot qilgan yana bir afro-amerikalik. Kechqurun televizorda nimani ko’rsatishsa, dunyo haqida bilganim shu, deydi u. Internetga deyarli kirmayman, vaqt yo’q, deya kuladi u.
“Men o’qishni yaxshi ko’raman, jurnalistlarni hurmat qilaman, chunki bu sohani biroz o’qiganman”,- deydi u.
Nahotki O’zbekiston yoki Qirg’iziston degan mamlakatlar haqida hech qachon hech narsa o’qimagansiz deya ajablanaman.
Suhbatdoshimiz Qozog’iston haqida bir necha yil oldin chiqqan komediya, “Borat” filmini ko’rgan ekan.
“Uyga borib bugun bolalarimga aytaman, O’zbekiston degan yurtdan bir jurnalist bilan gaplashdim deb. Qani ko’raychi, ular bilarmikan”.
O'zbek talabasi Filadelfiyadagi hayotidan qanchalik mamnun?
Dunyoning bu burchaklarida sizni haqiqatan ham yoshlar tanitmoqda. Filadelfiyada kattayu kichik o’quv yurtlari va oliygohlar ko’p. Qirg’izistonning O’sh shahridan kelib, kollejda o’qiyotgan Rustam Ashirboyev bu yerdagi imkoniyatlar va hayotidan mamnun.
"Harakat qilgan odam bu yerda ham ishlab, ham o’qib oyoqqa turishi mumkin ekaniga ko’p marta guvoh bo’ldim", - deydi u.
"Amerikaliklar ko'pincha shu Amerikaning o'zini bilishadi... Geografiya darsini uncha o'tishmaydi deb o'ylayman. Men Montgomery Community College talabasiman. Bir yil bo'ldi boshlaganimga. Hozir til o'rganayapman".
AQShga kelganingizda siz yuzlashgan eng katta qiyinchilik nima bo'ldi?
"Avvalambor bu til... Boshida tildan qiynaldim, hozir esa ancha o'rganib oldim. Til bilmasangiz ish ham topish qiyin...",- deya javob beradi Rustam.
Tirikchilik masalasi qanday?
"Ish bor, ayniqsa yoshlarga ish ko'p. Bu tarafdan qiyinchilik yo'q. Ishga ham, o'qishga ham ulgurayapman",- deydi yigit.
Rustam Amerikaga “Green Card” (grin karta), AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyatini beruvchi lotereya yutib kelgan ekan. O’tgan yillar ichida minglab markaziy osiyoliklar shunday hujjatga ega bo’ldi.
Lekin bu yerga kelib o’rnashish, tirikchilik qilish, yangi hayot boshlash oson emas. Rustam deydiki, odam vaziyatga qanchalik ijobiy yondashmasin, qattiq mehnat qilish kerak bo’ladi.
Yangi muhit, mentalitet va tartib-qoidalarga moslashish kerak. Xarajatlarni qoplash ham qiyin, deydi u, lekin ishchan odam eplaydi.
"Oyiga kvartiraga to'lasg kerak, telefonga to'lash kerak, boshqa xarajatlar... Ishlab juda ko'p pul topayotganim yo'q lekin yetkazayapman. Bu yerda barcha sharoit muhayyo. O'qisa bo'ladi, faqat harakat qilish kerak, maqsad bo'lishi kerak. Amerikaning nimasi yaxshi, talabalarga sharoit yaratib qo'yilgan. Grantlar beradi".
Bu azim shaharda Rustam singari vatanda qolgan ota-onasi, yaqinlarini sog’inib yashayotgan insonlar ko’p. Musofirlikning sharti ham, dardi ham shu.
http://www.youtube.com/embed/TEXzPK-Gnqg
http://www.youtube.com/embed/s1Kh7xg2nHs
http://www.youtube.com/embed/vaieru0RwhE