Pensilvaniya shtati rasmiylari Tramp maʼmuriyati eʼlon qilgan favqulodda holatni qoʻllab-quvvatladi. Shtat gubernatori Tom Vulf favqulodda vaziyat joriy etilishini e’lon qilarkan, xususiy biznes egalari, davlat korxonalari, yirik savdo markazlari va umuman barcha turdagi faoliyatning uy sharoitiga oʻtkazilishi hozirgi vaziyatda ayni muddao boʻlishini taʼkidladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Garchi gubernatorning bu soʻzlari koʻproq taklif ohangida yangragan boʻlsa-da, unga amal qilishni maʼqul bilganlar koʻpchilikni tashkil etmoqda. Natijada bir paytlar o’ta gavjum koʻchalar ancha huvillab qolgan, yirik biznes markazlarining eshiklari tambalangan.
“Kompaniyamiz rahbariyati elektron maktub yo’llab, uydan ishlashni taklif etdi. Mana shu haftadan uydan ishlash mumkin. Ammo bu majburiy emas va ofisga borib ishlashni afzal bilganlar ham bor”, - deydi “SessionM MasterCard” kompaniyasi xodimi Anvar Qahhorov.
Yirik biznes kompaniyalari va ularning ketidan oliy oʻquv yurtlarining yopilishi tufayli nafaqat shahar koʻchalari, balki bir paytlar juda gavjum boʻlgan kafe va pitsaxonalar ham deyarli boʻshab qolgan. Bugun u yoki bu kafe yohud restoranda guruh-guruh boʻlib ovqatlanib oʻtirgan mijozlarni uchratish qiyin. Yangi haftadan Pitsburgdagi barcha maktablar ham majburiy taʼtilga chiqarildi. Garchi taʼtilning dastlabki muddati sifatida ikki hafta aytilayotgan boʻlsa-da, rasmiylar taxminicha, kanikul choʻzilishi mumkin. Tabiiyki, agar koronavirus bilan bogʻliq vaziyat havotirli tus olsa.
“Sogʻliqni saqlash departamentidan bilganim shuki, taʼlim muassasalari oʻquvchilarga virus yuqishi xavfi mavjudligi uchun emas, balki oʻquvchilar orqali bu kasallik ularning oila aʼzolariga yuqishi ehtimoli borligi bois ham yopildi. Yaʼni, agar oʻquvchining uyida yoshi keksa qarindoshlari boʻlsa, aynan oʻsha insonlar uchun xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkin, zero aynan keksalar orasida bu virus tufayli oʻlim topish hollari kuzatilyapti”, - deydi Graham Ulery.
Garchi aksar maktab oʻquvchilari uchun onlayn tarzda darslarni davom etish imkoniyati yaratilgan boʻlsa-da, uyda darslarni takrorlab borishni nazorat qilish yumushini ota-onalar zimmasiga topshirgan maktablar ham bor. Asosan boshlangʻich sinflar oʻquvchilari uchun darslarni qaytarish vazifasi ota-onalar zimmasiga yuklandi.
“Bola uyida, ota-onasi nazoratida dars qilsa, maktabdagiga nisbatan biroz oʻzgacha vaziyat yuzaga keladi, yaʼni bola erkalanadi, darslarini toʻliq qilmaslikka urinadi. Men bunday vaziyatda oʻgʻlimning maktabida, oʻqituvchisi qoʻllagan usulda darsini nazorat qilishga harakat qilaman. Odatda bu usul ancha yaxshi natija beradi”, - deydi Qahhorov.
Garchi soʻnggi ikki-uch kun davomida pitsburgliklar kayfiyatida oʻtgan haftaning oʻrtalarida kuzatilgan vahima, doʻkonlardagi ayrim mahsulotlarni yirik miqdorda sotib olishga urinish hollari koʻzga tashlanmagan boʻlsa-da, mahsulotlar tanqisligi hali ham mavjud. Ayrim peshtaxtalar hanuz boʻm-boʻsh.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Pensilvaniyada virusning tarqalishi u qadar izchil emas, koronavirusni yuqtirganlar soni hozirga qadar taxminan 120 kishini tashkil etgan, ulardan atigi 14 tasi Pitsburgda. Koʻngilga taskin berayotgani, deydi rasmiylar, Pensilvaniya shtatida virus tufayli hayotdan koʻz yumganlar yoʻq, buning oldini olish uchun barcha choralar koʻrilmoqda.