Kolorado shtati, Denver shahrida yashovchi Aleks Landau 19 yoshida politsiya tomonidan kaltaklangan. Hodisa afro-amerikalik bu yigitning hayotini o’zgartirib yubordi. Endi u yoshlarga fuqarolik huquqlaridan dars beradi.
“Meni ikki yoshimda boqib olishgan”, - deydi u.
“Shunchaki, sog’lom, qonuniy jihatdan bizniki bo’lgan bola xohlaganmiz. Terisining rangi ahamiyatsiz edi”, - deydi Aleksni boqib olgan Petsi Hatevey.
“Terimning rangi atrofimdagi odamlarnikidan, hatto ota-onamdan farqli ekaniga hech qachon e’tibor bermaganman”, - deydi Aleks Landau.
“Oq tanli ota-ona bo’lsangiz, teringizning rangi insonning imkoniyatlarini cheklamaydi deb o’ylaysiz. Yuzaki olib qaraganda, hammasi joyida. Lekin biz Amerikada qora tanli bo’lish nima ekanini, oq oilada qora tanli bo’lib ulg’ayish nimaligini bilmaganmiz”, - deydi ona.
Aleks Landagu bolaligida politsiyachi bo'lishni orzu qilganini eslaydi.
Biroq 2009-yilda uning politsiyaga munosabati o’zgardi. U o’shanda 19 yoshda, Denver shahridagi jamoatchilik kollejida tahsil olayotgan edi. Bir kuni tunda u do’sti bilan burger olishga ko’chaga chiqadi. Politsiya ularning mashinasini qoidabuzarlik uchun to’xtatganida vaziyat tezda izdan chiqadi.
“Kishanda bo’lmaganim uchun bu politsiyachilar bilan gaplashmoqchi bo’ldim. Mashinani tintuv qilishdan oldin orderni ko’rsata olasizmi, deb so’radim. Ular darrov g’azablanib, meni mushtlay boshlashdi”, - deydi Aleks.
“Xuddi mana shu yerda, mashinam ostiga qarab yotgandim. Boshimga qurolini taqagani esimda. Hushimga kelganimdan keyin meni ikki yondan ko’tarib, maysa ustiga sudrab olib kelishdi. Tez yordam mashinasi kelguncha politsiyachilardan birining kurtkasi ustida qonab yotdim”, - deya hikoya qiladi u.
Aleksni kasalxonaga yetkazishdi. U muolajadan oldin rasmga tushishni talab qildi.
“Fotosuratlar olingandan keyin yuzimni 45 joyidan tikishdi. Burnim singan. Miyam chayqalib lat yegan, shikastlangan”, - deydi u.
Aleks ikki kunni qamoqda o’tkazdi. Ozodlikka chiqqach, otasi Stiv bilan Denver ichki ishlar boshqarmasiga borib shikoyat qilishdi.
“Ular ishni bosdi-bosdi qilishga harakat qilayotgandek tuyuldi menga. Otam politsiyachi bo’lgan, politsiya qanday ishlashini bilaman”, - deydi Stiv Landau.
Aleksning fuqarolik da’vo shikoyati qondirilib, unga 800 ming dollar berildi. Sudda yutib chiqqani 2011-yilda, tug’ilgan kunida e’lon qilindi. Davolanishi va nima bo’lganini fahmlashi uchun oylab vaqt ketdi.
“O’sha voqea sabab bugun boshqa odamman. Hayotim o’zgarib ketdi”, - deydi Aleks.
Aleks hozir 29 yoshda. Adliya tizimini isloh qilish koalitsiyasi nomli tashkilot bilan hamkorlik qiladi. Maktablar va o’quv yurtlariga borib, huquqiy savodxonlikni oshirishga harakat qiladi. O’quvchi va talabalar bilan muloqotlarda boshidan o’tganlari haqida hikoya qilib beradi.
“Pulning adolat ta’minlanishiga aloqasi yo’q. Inson hayoti, mening va sizning hayotingiz pul bilan o’lchanmaydi”, - deydi u.
Uning ota-onasi Aleksni himoya qila olmagani uchun o’zini aybdor his qiladi. Balki ko’proq chora ko’rishimiz kerak edi, deydi ular. Aleksga ko’ra, u afro-amerikalik oilada katta bo’lganida ham xuddi shu xavfga duch kelgan bo’lardi.
“Ikkalangiz ota-onamsiz. Boshqacha bo’lishi mumkin emas”, - deydi Aleks.