Xalqaro Amnistiya: O'zbekistonda siyosiy mahbuslar ozod etilsin!

"Jasliq" qamoqxonasi mahbuslari tushlikka chiqmoqda, 29-sentabr, 2003-yil.

Xalqaro Amnistiya (Amnesty International) tashkiloti qamoqdagi o'zbek jurnalisti Muhammad Bekjonni ozod etish talabi bilan kampaniya o'tkazgan. O'zbekistondagi yana bir siyosiy mahbus 10 yildan buyon Jasliq qamoqxonasida jazo o'tayotgan A'zam Farmonov taqdiri yuzasidan ham xavotirlar kuchaygan.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda siyosiy mahbuslar taqdiri, Malik Mansur

Muhammad Bekjon 16 yildirki qamoqda - dunyo bo'ylab eng uzoq muddat qamoqda qolayaotgan jurnalistlardan. Xalqaro Amnistiya kampaniyasi dunyo bo'ylab siyosiy mahbuslar taqdiriga befarq bo'lmagan odamlardan imzo yig'gan.

Unda dunyoning 200 dan oshiq davlatidan odamlar ishtirok etgan va jurnalistning ozod etilishini talab qilishgan, bu boradagi o'z fikr-mulohazalarini turli vositalar orqali izhor qilishgan.

Hozirgacha o'zbekistonlik siyosiy mahbuslar ozodligiga oid yuzlab bayonotlar, chaqiriqlar yangradi. So'nggi paytda bu kabi kampaniyalar ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinmoqda.

Shvetsiyada yashayotgan o'zbek jurnalisti Qudrat Bobojonning aytishicha, Xalqaro Amnistiya boshlagan bu kabi kampaniyalar qamoqxonadagi mahbuslar uchun juda muhim.

“Xalqaro Amnistiyaning bu kampaniyasi marafon shaklida o'tayapti, tashkilotning dunyodagi bo'linmalari tomonidan o'tkazilmoqda. U yerda ozodligi talab qilinayotgan mahbuslardan biri uzoq yillardan buyon qamoqda saqlanayotgan Muhammad Bekjon, muxolifatdagi “Erk”gazetasi muharriri. Bu kampaniya doirasidan turli aksiyalar o'rin olgan. Masalan, odamlar otkritkalar bilan O'zbekiston hukumatiga murojaat qilishaypti yoki bevosita qamoqxonaga mahbuslarga xat jo'natishayapti. Yana bir aksiyada taniqli shaxslar mahbuslarning suratlarini o'zlarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga qo'yishmoqda. Yaqinda rossiyalik taniqli qo'shiqchi Boris Grebenshikov Muhammad Bekjonning suratini o'z sahifasiga joylashtirdi. Amnistiyaning bu tashabbusi, avvalo, mahbuslarga diqqat qaratadi. Keyinchalik ozodlikka chiqqan mahbuslarning aytishiga qaraganda, bunday aksiyalar juda muhim”, - deydi Qudrat Bobojon.

Muhammad Bekjon Toshkentda sodir etilgan portlashlarga aloqadorlik aybi bilan 1999-yilda 15-yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Uning 2014-yili ozodlikka chiqishi kutilgan edi, ammo jazo o'tash tartibini buzish aybi bilan yana to'rt yil qo'shib berildi.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayevaga ko'ra, Bekjon muxolif fikri, mustaqil jurnalistik faoliyati uchun bu qadar shafqatsiz jazolangan dunyodagi sanoqli jurnalistlardan biri bo'lib qolmoqda.

“So'nggi xabarlarga ko'ra, uning salomatligi juda yomonlashgan. Aynan hozir butun dunyoda befarq bo'lmagan odamlarning birlashib, birgalikda jurnalistning ozodligini talab etish vaqti yetib keldi. Biz o'zaro hamjihatlikda o'zbek hukumatining jurnalistlarni jazolash tajribasiga chek qo'yishimiz kerak. Muhammad Bekjonning qismati qamoqdagi boshqa jurnalistlar Yusuf Ro'zimurod, Dilmurod Sayid, Solijon Abdurahmonovlar taqdirida ham takrorlanib kelmoqda. Hozir Muhammad Bekjonga e'tibor qaratilayotgan ekan, bu qamoqdagi boshqa mustaqil jurnalistlar taqdiriga ham befaqr emasligimizni anglatadi”, - deydi Atayeva.

Xalqaro tashkilotlar 10 yildirki Jasliq qamoqxonasida qolayotgan huquq faoli Azam Farmonov taqdiriga ham e'tibor qaratishmoqda.

Yevropadagi bir nechta xalqaro inson huquqlari tashkilotlari nomidan e'lon qilingan bayonotda Formonovning qamoq muddati tugashiga 26 kun qolganda, unga nisbatan yana 5 yillik jazo muddati qo'shib berilgani keskin tazyiq sifatida baholandi.

Huquq himoyachisi belgilangan jazo muddatini BMT O'zbekistonga yopishni tavsiya qilgan Jasliq qamoqxonasida o'tayotganiga ahamiyat qaratiladi. Bayonotga ko'ra, qamoqxonadagi salkam 10 yillik fursat Farmonov salomatligini butkul izdan chiqargan.

Uning turmush o'rtog'i Ozoda Yoqubova “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Jasliq haqida shunday degan edi:

“Hamma biladi, Jasliq bu o'ta og'ir sharoitdagi qamoqxona. Bir kunda faqat bir soat progulkaga olib chiqiladi. Mahkumlarning asosiy vaqti kamerada o'tadi. Uch oyda bir marta uchrashishga ruxsat beriladi, ammo uchrashuvga borganingizda qamoqxona nozirlari mahkumlarning qarindoshlariga ham xuddi mahkumlardek munosabat qilishadi. Mahkumlar bir-biriga ko'rsatilmaydi, hatto koridorga chiqarilmaydi, o'ta og'ir sharoitli qamoqxona”, - deydi Yoqubova.

Bu orada O'zbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurash olib borayotgan "Paxta kampaniyasi" nomli yirik xalqaro tashkilot jizzaxlik huquq himoyachisi O'ktam Pardayevni zudlik bilan va hech bir shartsiz ozod etishga chaqirmoqda.

Paxta dalalarida majburiy mehnat va korrupsiya hollarini fosh etib kelgan Pardayev 16-noyabr kuni hibsga olingan. Unga pul undirish va pora olish kabi ayblar qo'yilmoqda. Uning safdoshlari Pardayevga qarshi guvohlik bergan odamlar soxta, ko'rsatmalar yolg'on ekanini aytadi.

Xalqaro mehnat huquqlari forumi nomli tashkilot ham O'zbekistoni hukumatini Pardayevga nisbatan barcha ayblovlarni bekor qilishga undayapti.

37 yoshli O'ktam Pardayev Jizzax viloyatida fuqarolarning yoppasiga paxta dalalariga olib chiqilishi, poraxo'rlik va qonunbuzarliklarni tekshirib, bu muammolarni ko'tarib kelgan faollardan. Joriy yilgi yig'im-terim mavsumida Jahon Banki va Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qilgan.

O'zbekiston hukumati mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini, hatto bunday ibora borligini rad etib keladi. Rasmiy ayblovlarga ko'ra ham huquq himoyachilari, jurnalistlar bevosita kasbiy faoliyati uchun emas, aksilkonstitutsiyaviy harakat yoki boshqa moliyaviy sabablarga ko'ra jazoga tortilgan.