Shanba kundan beri uch mamlakat - Shimoliy Koreya, Yaponiya va Vyetnamda bo'lgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bugun (dushanba) kutilmaganda Kobulga bordi.
Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani bilan uchrashuv chog'ida Pompeo afg'on hukumatining Tolibon bilan muzokara qilish harakatlarini olqishlab, zarur bo'lsa, Qo'shma Shtatlar vositachi bo'lishga tayyor, dedi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida G'ani Prezident Donald Trampning Tolibonga harbiy bosim qo'yishga qaratilgan mintaqaviy strategiyasi ish berayotganini tan oldi.
O'tgan yili e'lon qilingan strategiya harbiy, diplomatik va ijtimoiy bosim orqali Tolibonga qurol bilan g'alabaga erishish mumkin emasligini tushuntirib, hukumat bilan muzokara boshlashga da'vat etishni ko'zlaydi.
Biroq Tolibon Kobuldagi hukumatni Amerikaning qo'g'irchog'i deb, Vashington bilan bevosita muzokara qilish talabini olg'a surgan. Guruh nazarida, AQSh qo'shinlarini Afg'onistondan chiqarmaguncha mahalliy hukumat bilan gaplashishdan foyda yo'q.
Pompeo Tolibonning bevosita muloqot qilish talabini inkor etmadi, biroq unga ko'ra, ichki kuchlar ishtirokini talab etgan jarayonga AQSh bosh bo'la olmaydi, mojaroni chetdan hal qilib bo'lmaydi.
Pompeo va G'anining aytishicha, Tolibon bilan muloqot ishtirokchilari faqat afg'onistonliklardan iborat bo'lishi kerak.
O'tgan oy Ramazon hayiti paytida Tolibon va hukumat sulhga kelishib, unga amal qilganidan so'ng tinchlik muzokaralarini o'tkazish umidi paydo bo'ldi.
Sulh ketidan jangarilar hujumlarini kuchaytirdi, hukumat kuchlariga qattiq zarba berdi.
Pompeo va G'ani oktabrda bo'ladigan parlament va viloyat kengashlariga saylovlar xususida ham fikr almashdi.
Joriy hafta Saudiya Arabistonida xalqaro ulamolar konferensiyasi bo'lib o'tadi. Diniy yetakchilar ham Tolibonni zo'ravonliklarni bas qilib, tinchlikka erishishga da'vat etishi kutilmoqda.
Tolibon vakillariga ko'ra, Jiddadagi yig'ilish va shunga o'xshash tadbirlar ortida Qo'shma Shtatlar turibdi. Ularning maqsadi, deydi harakat vakillari, Afg'onistondagi harbiy istiloni asoslab, isyonchilarni zaiflashtirish, Kobuldagi qo'g'irchoq hukumatni qo'llab-quvvatlash.
“Afg'oniston Islomiy Amirligi islomiy ulamo anjumanlari deb atalayotgan jarayonni islomga zid deb biladi, chunki ushbu jarayon g'oyasini AQSh beribgina qolmay, uni qo'llab-quvvatlab, bevosita boshqarmoqda", - deyiladi Tolibon bayonotida.
Pompeoning Kobuldagi matbuot anjumanida aytishicha, mintaqadagi ko'plab davlatlar, jumladan Xitoy, O'zbekiston, NATO a'zolari Prezident Tramp Janubiy Osiyo bo'yicha yangi strategiyasini e'lon qilganidan beri afg'on masalasida faolroq harakat qilmoqda, qo'shimcha resurslar ajratmoqda.
"Dunyo Afg'onistondagi mojarolardan charchagan. Afg'on xalqi ham zo'ravonlik va urushdan to'ygan. Kelasi bir necha oyda bu borada katta va haqiqiy siljish kuzatiladi degan umiddaman. Zo'ravonliklar susayib, Afg'oniston hukumati sog'lom islohotlarni amalga oshirib, bo'lajak saylovlarda xalq o'z munosabatini bildiradi", - dedi AQSh davlat kotibi.