AQShga tashrif qilgan Rim Papasi Fransisk bugun Kongressning har ikki palatasida ma'ruza qildi. Bungacha hech bir papa bunday sharafga muyassar bo'lmagan.
Fransisk dunyodagi mojarolar, diniy hamjihatlik, iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik, migrantlar taqdiri va boshqa global muammolarga qarashlarini bildirdi.
Xususan, Vatikan rahbari Amerika Kongressi va xalqini kelishmovchiliklarni chetga surib, umumiy yaxshilik yo'lida birodarlik va birdamlik ruhini, hamkorlikni tiklashga chaqirdi.
"Barcha a'zolarining o'sishiga yordam berish orqali umumiy ehtiyojlarni qondirishga harakat qilgan siyosiy jamiyatgina uzoqqa boradi. Qonunchilik bu hamisha xalqqa g'amxo'rlik qilish deganidir. Qonunchilarning burchi - fuqaro qadr-qimmatini himoya qilish va saqlashdir", - dedi Fransisk.
Kecha papa Vashingtonda Prezident Obama bilan uchrashib, so'ng katolik ruhoniylar bilan ibodat qildi. Amerikalik kuzatuvchilarga ko'ra, Vatikan rahbarining ko'p qarashlari Demokratik partiya tamoyillari bilan hamohangdir. Shunga qaramasdan, respublikachi qonunchilar uning ma'ruzasini diqqat bilan kuzatdi.
Juma kuni Fransisk Nyu-Yorkda, so'ng Filadelfiyada bo'ladi. Papa BMT Bosh Assambleyasining yillik majlisida ham so'zlashi kutilmoqda.