Pau vau - Amerika tub aholisining raqs festivali

  • Amerika Ovozi

Hindular raqsi

AQShda tub aholining "Pau vau" degan tadbiri bor. Qabilalar yig'ini. Kun bo'yi davom etadigan festivalda hindu qabilalarining milliy raqslari, qo'shiqlari ijro etiladi, an'anaviy o'yinlar o'ynaladi. Maqsad - qabila madaniyatini saqlash va urf-odalatni yodga olish. "Amerika Ovozi" yaqinda o'tgan pau vauni kuzatdi.

Virjiniya shtatining Vest-Point hududida Mettaponi qabilasining festivali bo'lmoqda. Raqqoslar va musiqachilar Amerika va qabila bayroqlarini ko'tarib, nog'ora sadolari ostida maydonga chiqishadi. Hamma ibodat qiladi, so'ng raqs boshlanadi.

19 yoshli Brendon Adkins shu yerlarda yashab kelgan Chikahomini qabilasi vakili.

"Ko'p sayohat qilaman, bunaqa festivallarning deyarli hammasiga boraman. Madaniyatimizni ko'rsatishni xohlayman", - deydi u.

Erkaklar "O't" va "Yomg'ir" raqslarini namoyish etadi. Nog'orani ham faqat erkaklar chaladi.

Nog'oraning dumaloq shakli borliqni aks ettiradi, har bir zarba esa dunyo yuragining urishini. Erkaklar raqsning birinchi davrasini tamomlagach, ayollar qo'shiladi. Ayollar kiyimi va raqsi ancha kamtarin.

"Shunday davralarda ulg'ayganman. Otam raqqos. Oilamda hamma raqs tushadi. Hayotimning bir qismi bu", - deydi qatnashchilardan biri.

AQSh bunyod bo'lganidan beri mahalliy amerikaliklar armiyada xizmat qiladi. Raqsga sobiq askarlar va harbiylar oilalari ham qo'shildi. Bolalar ham festivalda faol ishtirok etadi. Sakkiz yoshli Jozi va besh yoshli Meddi ilk bor bunday festivalda qatnashmoqda.

Virjiniya gubernatori Terri Makolif hindularning Amerika tarixidagi ahamiyati haqida gapirdi. So'nggi festivalda u Mettaponi qabilasiga hatto yer tortiq qildi.

"Ishonasizmi, yo'qmi, sizlarga yer berish haqidagi qonunni imzoladim. Yer o'zi sizlarniki edi. Lekin ancha vaqtdan beri huquqiy muammolar bo'lgan. Kelasi yil shu yerga kelganimizda qonuniy haqqingiz bo'lgan shu yangi yerlarga ega bo'lgan bo'lasiz", - dedi gubernator.

Festival ishtirokchilari uchun bu yaxshi xabar. Raqs va qo'shiqlar ruhi yanada kuchayadi.