AQShda navbatdagi prezident saylovlariga hali bir yarim yil vaqt bor. Barak Obama ikkinchi muddatga saylanishga bel bog’lagan.
Muxolifat, Respublikachilar partiyasidan u bilan bellashish uchun hozircha maydonda hech kim yo’q. Lekin da’vogarlar bor. Ular yaqinda o’zaro debat o’tkazib, ichki va tashqi siyosatga doir murakkab savollarga javob berdi.
Oq uyga saylanish niyatida yurgan odam raqiblari bilan kuch sinashib, tajribasi, bilimi va zukkoligi bilan rahbarlikka loyiq ekanini isbotlashi kerak.
Janubiy Karolina shtatining Grinvil shahrida o’tgan bir yarim soatlik munozara al-Qoida yetakchisi Osama bin Ladenning o’limi, buning Afg’onistondagi urushga ta’siri hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatga doir savol-javob bilan boshlandi.
Kongressmen Ron Pol Qo’shma Shtatlar “global politsiyachi” bo’lishdan voz kechishi kerak deb hisoblaydi. Tashqi yordamni kesish, urushlarni tugatish lozim, deydi u, jumladan Afg’onistonda.
“Bin Ladenni Afg’onistonda 10 yil qidirib va uni Pokistonda topib o’ldirdik. Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqish uchun zo’r imkoniyat bu. Amerika byudjetini yemirgan, minglab askardan ayirgan bu urushga nuqta qo’yish kerak”, - deydi prezidentlikka da’vogar.
Oq uyga saylanish ishtiyoqida yurgan boshqa respublikachilar Amerikaning amaldagi tashqi siyosatiga baho berar ekan, prezident Obama ko’p jihatdan Jorj Bush davrida belgilangan yo’nalishni davom ettirmoqda degan fikrda.
Al-Qoidaning qo’lga tushmas rahnamosi nihoyat yo’q qilingani Obamaning eng ashaddiy tanqidchilarini ham lol qoldirgan.
Biroq AQShning Liviyadagi harbiy kampaniyada ishtirokidan norozilar ko’p. Konservativ arboblar nazarida, prezident bu ishga aniq strategiyasiz va Kongress maslahatisiz qo’l urgan.
Respublikachilar partiyasi yulduzi deb qaralayotgan Tim Polenti, Minnesota shtati gubernatori, fikricha Obama jur’atsiz rahbar.
Uning ta’kidlashicha, Liviyada isyonchilar mart oyida, mamlakatning katta qismini qo’lga olgan bir vaqtda AQShdan ko’mak olganida edi, dunyo Muammar Qaddafiydan allaqachon qutulgan bo’lardi.
Terrorizmda gumon qilingan shaxslarni so’roq qilish amaliyotiga kelganda, prezidentlikka da’vogarlar fikricha, ularga nisbatan ba’zi hollarda qo’polroq usullarni qo’llasa bo’ladi.
Obama ma’muriyati esa bu masalada inson huquqlari faollari bilan hamfikr, ya’ni qiynoqlar bu davlatda man etilgan, mustasnoga o’rin yo’q.
Immigratsiya va hujjatsiz muhojirlar ham Amerikada eng nozik mavzulardan. Arizona singari Meksikaga chegaradosh shtatlar federal hukumatni bu borada zarur chora ko’rmaganlikda ayblab, o’zlari alohida qonunlar qabul qila boshlagan.
Prezidentlikka nomzod Gari Jonson nazarida immigratsiya tartibga solinsa, mamlakat ravnaqi uchun xizmat qiladi.
“Amerikaga kelib ishlayman degan malakali mutaxassislarga ishchi vizasini berish, jarayonni osonlashtirish kerak”, - deydi u.
“Fuqarolik yoki grin karta haqida gap ketmayapti. Tekshiruvdan o’tgan odam qonuniy ishlasin, soliqlarni to’lasin, iqtisodiyotga foyda keltirsin”, - deydi Nyu-Meksiko sobiq gubernatori.
Respublikachilar partiyasi prezidentlikka da’vogarlarni saralab, Obama bilan bellashish uchun yagona bir nomzodni ko’rsatishi lozim.