O’zbekiston yillar davomida chegara mudofaasi uchun chetdan yordam olib keladi. Biroq, deydi amerikalik olim Jorj Gavrilis (George Gavrilis), sarhadlarni mustahkam va ochiq saqlash borasida rasmiy Toshkent xalqaro donorlar talablarini bajarmaydi.
Tahlilchi so'zlariga ko’ra, respublika rahbariyatiga konkret shartlar qo’yish kerak, lozim bo’lsa, uni jahon jamoatchiligi oldida izza qilish, yordamdan ayirish kerak. Mutaxassis Markaziy Osiyoga bir necha bor safar qilib, yaqinda o’z ilmiy-tahliliy xulosalarini (Central Asia’s Border Woes & the Impact of International Assistance) e’lon qildi.
Hisobotda chegara va xavfsizlik, xalqaro madad va siyosat bobida tavsiyalar bor.
Jorj Gavrilis Vashingtondagi Xollings nodavlat tashkiloti (Hollings Center for International Dialogue) rahbari O’zbekistonga oxirgi bor 2006-yilda borgan, lekin qo’shni davlatlarga tez-tez safar qilib turadi. U olib borgan izlanishni Soros, Ochiq jamiyat jamg’armasi, moliyaviy jihatdan qo’llab-quvvatlagan.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, BMT, Yevropa Ittifoqi, Qo’shma Shtatlar va boshqa homiylar mintaqaga chegaralarni mustahkamlash uchun yordam berib keladi: chekka o’tish joylarida chegarachilarga baraklar qurib, texnologiya uzatadi, odamlar va tovarlar bemalol qatnashi uchun nazorat punktlari bunyod etadi, soxta hujjatlarni aniqlashni o’rgatadi.
"Tojikistonda, masalan, jahon hamjamiyati ochgan Oliy Chegara Kolleji, Chegarachilarni tayyorlar markazi va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti chegara akademiyasi ishlamoqda", - deyiladi hisobotda.
Bu madadning saramasi qanday? Jorj Gavrilis ana shu savolga javob izlaydi va yordamni arzigulik hamkorlarga beraylik deya taklif qiladi.
“Samara juda oz va gap yordam dasturlarida emas, chunki bu madad puxta tashkillashtirilgan. Gap mintaqaning o’zida, siyosatda va bu muammoga hali yechim topganimizcha yo’q”, - deydi u. Xususan, deydi olim, Markaziy Osiyo qoq markazida joylashgan O’zbekiston mintaqaning eng agressiv soqchisi bo’lib qolmoqda.
Gavrilis Tojikiston-O’zbekiston chegarasidagi Patar-Andarxon o’tish punktini misol qiladi.
“Biz, ya’ni G’arb yuritayotgan dasturlarning kamchiligi shundaki, hukumatlarni savolga tuta olmayapmiz.
“2009-yilda O’zbekiston hukumati Tojikiston tomoni ishini eplay olmayapti, odamlar va tovarlarni o’tkazish uchun malaka va jihozlari yetarli emas, deya chegarani yopib qo’ygan. Bu qaror mahalliy aholi, ayniqsa, savdo bilan kun ko’ruvchi fuqarolar hayotini og’irlashtirgan. Yevropa Ittifoqi yordam qo’lini cho’zib, Tojikiston tomonda zamonaviy nazorat-tekshiruv punkti qurib bersa ham Toshkent chegarani ochmagan. Sarhad hamon yopiq qolmoqda”.
“Nega endi? Qachon ochiladi deb so’rasangiz, rasmiy Toshkent ha endi, ko’ramizda, deya javob qiladi, xolos”, - deydi Gavrilis.
Boshqa bir misol, Qirg’iziston-O’zbekiston chegarasidagi Qorasuv o’tish punkti, deydi Jorj Gavrilis.
“2010-yilning yozidagi etnik to’qnashuvlardan keyin O’zbekiston tomoni qatnov va savdoni keskin cheklagan. Vaziyatni kuzatayotgan va Qirg’iziston tomonda ishlayotgan mahalliy nodavlat tashkilotlarning bildirishicha, poraxo’rlik uch karra oshgan, 100 kilogram mahsulotni olib o’tish uchun besh dollar to’lash kerak. Olishuvlar payti savdo ko’lami 60-70 foizga kamayib, hali beri jonlanishi gumon”,- deb hisoblaydi Gavrilis.
Muammo shundaki, deydi mutaxassis, chetdan yordam borgani, trening va jihozlar yetkazilgani bilan hukumatning kutilmagan qarorlari, korrupsiya, siyosiy va iqtisodiy beqarorlik pand berishi aniq.
“Biz, ya’ni G’arb yuritayotgan dasturlarning kamchiligi shundaki, hukumatlarni savolga tuta olmayapmiz. Masalan, Yevropa yoki Amerika fuqarosi to’lagan soliqlar Tojikistonga qimmat bir texnologiya, radiatsiyani aniqlovchi jihozga sarflanadi. Agar bu vositadan samarali foydalanilmasa, isrof qilinsa, biz Tojikiston rasmiylarini ochiqchasiga tanqid qilishimiz kerak. Jamoatchilik oldida uyaltirishimiz kerak. Hozir faqat imi-jimida gapiramiz, xolos”, - deydi Gavrilis.
“G’arb Markaziy Osiyodagi har bir davlat bilan ishlashi, har birida chegaraga doir loyihalar boshlashi shart emas. G’oliblarni, kelisha oladiganlarni tanlab ishlaylik”, - deydi ekspert.
Hisobotda tilga olingan yana bir masala, chegara mudofaasiga atalgan jihozlarni ta’mirdan chiqarish.
“Markaziy Osiyo davlatlari ko’makni olgach, uni o’zimiz remont qilamiz, deb va’da beradi. Lekin uni bajarmaydi va donorlar qo’shimcha mablag’ ajratishga majbur bo’ladi. Xususan, Tojikiston hukumati remontga pulimiz yo’q, deya bahona qiladi. Biroq 40 million dollarlik, to’qqiz qavatli va ichida kitobi yo’q kutubxonalar qurish uchun, 100 million dollarlik prezident saroylari bunyod etish uchun mablag’ topiladi”, - deydi Gavrilis.
“Bu hukumatlarning o’ziga kerak bo’lsa, chegara uchun ham pul izlab topadi”, - deydi u.
“Tojikistonda, Afg’oniston bilan chegara yaqinida mahalliy hukumat bunyod etgan “Istiqlol” o’tish obyekti bor. Tojikiston mustaqilligining 20-yilligiga bag’ishlab qurilgan puxta, soqchilari zotdor otlar mingan”, - deya tasvirlaydi amerikalik olim.
Gavrilis ana shunday ko’z-ko’z qilish, donorlar bilan xolis ish qilmaslikka qarshi kurash yo’lini, yordamni qaytarib olish mexanizmini yaratish tarafdori.
Qimmat vositalarni maqsadga muvofiq ishlatishmayaptimi, tortib olish kerak, deydi u.