Noyabrdagi prezident saylovlarida Demokratlar partiyasidan yagona nomzod bo'lishga intilayotgan vermontlik senator Berni Sanders seshanba kuni G'arbiy Virjiniya shtatida o'tgan partiyaviy saylovlarda raqibi Xillari Klintonni dog'da qoldirdi. Sanders 51 foiz bilan 16 delegat ovozini, sobiq davlat kotibasi esa 36 foiz bilan 11 delegat ovozini to'pladi.
Sandersning so'nggi qator saylovlardagi ketma-ket g'alabalariga qaramay, Klinton umumiy delegatlar soni (2239) bo'yicha peshqadam. Sandersni 1469 delegat qo'llab-quvvatladi.
Demokratlardan yagona nomzod bo'lish uchun da'vogar iyul oyida Filadelfiyada bo'ladigan partiya qurultoyigacha 2383 delegat ovozlarini qo'lga kiritishi kerak.
Sanders va Klinton endi kelasi hafta Oregonda bellashadi. Seshanba kuni respublikachi saylovchilar ham ovoz berdi.
G'arbiy Virjiniya va Nebraska shtatlarida poygada yolg'iz o'zi qolgan tadbirkor Donald Tramp yirik g'alabalarga erishdi.
Trampga yetib olishga ko'zlari yetmagan Jon Keysik va Ted Kruz o'tgan hafta bir kunda saylov kampaniyasini tugatganini e'lon qilishdi.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida, noyabrdagi saylovda Klinton va Tramp bellashadi. Har ikkisi hozirdan kimga ovoz berishini bilmay turgan, o'zini na demokrat va na respublikachi deb hisoblovchi mustaqil saylovchilar ko'nglini olishga harakat qilmoqda.